Bozorga kirib kelgan xorijiy kompaniyalar
Market Yandex Go
2025-yil aprel oyida Yandex Uzbekistan o‘zining Yandex Market elektron savdo maydonchasini ishga tushirdi.
Platformaning asosiy afzalliklari orasida — “bir bosishda” yetkazib berishning yangi formati, bo‘lib to‘lash imkoniyati, shuningdek, kompaniyaning o‘z ishlab chiqarish liniyasi — Yandex Factory mahsulotlari mavjud.
Xizmat orqali elektronika, maishiy texnika, uy va ta’mirlash buyumlari, kiyim-kechak va poyabzal, shuningdek, go‘zallik vositalarini xarid qilish mumkin.
Foto: Yandex Uzbekistan
Binance
Yil boshida O‘zbekistonda kriptoaktivlar sohasida xizmat ko‘rsatuvchi Coinpay va Binance qo‘shma platformasi ish boshladi.
2022-yilda Binance va boshqa xalqaro birjalar saytlariga kirish bloklangandi.
2024-yilda esa Milliy istiqbolli loyihalar agentligi (NAPP) platformani litsenziyasiz faoliyat yuritgani uchun 102 mln so‘m jarimaga tortdi. Sud jarayoni ikki oydan ortiq davom etib, regulyator foydasiga qaror qabul qilindi. Barcha talablarni bajarganidan so‘ng, Binance mahalliy qonunchilikka rioya qilgan holda bozorga qayta kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Hozirda platforma mahalliy Coinpay birjasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan bo‘lib, milliy valyutada bank kartalari va mahalliy to‘lov tizimlari orqali kriptoaktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Wallet
Dekabr oyida esa Telegram messenjeriga integratsiya qilingan Wallet kripto-hamyonlari O‘zbekistonda rasman faoliyat boshladi.
Endi foydalanuvchilar ilova interfeysi orqali Wallet funksiyalaridan bepul foydalanishlari mumkin. Xizmat yordamida mahalliy to‘lov tizimlari orqali Bitcoin, Toncoin, USDT va yana 200 dan ortiq mashhur kriptovalyutalarni sotib olish va sotish imkoniyati mavjud.
Wallet The Open Network (TON) platformasi asosida ishlaydi, u 2020-yilda Amerika regulyatorlari talabiga binoan yig‘ilgan Telegram Open Network loyihasining ishlanmalaridan yaratilgan. 2023-yil sentabr oyida TON va Telegram hamkorlik shartnomasini e’lon qildi.
Citigroup
10-iyul kuni Markaziy bank Turkiyaning CitiBank AS sho‘ba bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasini akkreditatsiyadan o‘tkazdi. Markaziy bank reyestriga ko‘ra, akkreditatsiya hujjati 2028-yilning 9-iyuligacha amal qiladi.
“Biz O‘zbekistonda mijozlarni 20 yildan ortiq vaqt davomida qo‘llab kelmoqdamiz. Ammo hozirgi iqtisodiy o‘sish va davom etayotgan islohotlar mamlakatdagi faoliyatimizni mustahkamlash uchun eng qulay paytni yaratdi”, — deya ta’kidladi Citigroup vakili Grant Karson.
Vakolatxona mahalliy va xalqaro mijozlar bilan ishlaydi, kompaniyalarga global bozorga chiqishda, obligatsiyalar va investitsiya mahsulotlari bilan ishlashda yordam beradi.
Ofisning ochilishi O‘zbekistonda investitsiyalarni jalb qilishni, eksportni qo‘llab-quvvatlashni va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni kuchaytirishi kutilmoqda.
Sea Breeze Uzbekistan
2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.
2025-yil aprelida Mirziyoyev Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasi taqdimoti bilan tanishdi. Loyihada markazni bosqichma-bosqich qurish ko‘zda tutilgan bo‘lib, markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi umumiy qiymati $5 mlrdga teng bo‘lgan Sea Breeze Uzbekistan qurilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Avgust oyining boshida Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Toshkent markazida esa loyiha uchun savdo ofisi ochishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Hozircha qurilish ishlari boshlanmagan, loyiha ekspertlar muhokamasi va ruxsatnoma hujjatlarini yig‘ish bosqichida turibdi.


Foto: O‘zbekiston 24
Curtis
2025-yil noyabr o‘rtalarida dunyodagi eng qadimiy yuridik firmalardan biri — 1830-yilda asos solingan Curtis, Mallet-Prevost, Colt & Mosle LLP Toshkentda o‘z ofisini ochdi. Kompaniya allaqachon O‘zbekiston Adliya vazirligi bilan hamkorlik qilib, mamlakatni xorijiy investorlar bilan xalqaro investitsiya nizolarida himoya qilmoqda.
Yangi ofisda AQSh, Buyuk Britaniya, BAA va O‘zbekistonlik yuristlar faoliyat yuritadi. Curtis xalqaro arbitraj, bitimlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash, korporativ huquq, investitsiya va moliyaviy nizolar, xususiylashtirish hamda kapital bozorlarini tartibga solish sohalariga ixtisoslashgan. Firma, shuningdek, suveren davlatlar va davlat kompaniyalari manfaatlarini himoya qiladi.
ITGLOBAL.COM
Xalqaro bulutli yechimlar va tizimli integratsiya provayderi ITGLOBAL.COM iyun oyida Toshkentda o‘z ofisini ochib, O‘zbekiston mijozlari uchun to‘liq IT-xizmatlar spektrini yo‘lga qo‘ydi.
2008-yilda tashkil etilgan ITGLOBAL.COM — Rossiyalik bulutli provayder bo‘lib, virtualizatsiya, ma’lumotlarni saqlash, DevOps, IT-xavfsizlik va IT-autsorsing xizmatlarini taqdim etadi. Kompaniya Rossiya, MDH va Yevropada o‘ziga tegishli ma’lumot markazlariga ega. Uning mijozlari orasida yirik telekom-kompaniyalar, banklar, chakana savdo tarmoqlari va sanoat korporatsiyalari bor.
O‘zbekiston bozoriga kirish qarori mamlakatda raqamli iqtisodiyotning tez sur’atlarda o‘sishi bilan izohlanadi.
Foto: Yandeks xarita
Knauf Insulation
Iyul oyida esa Knauf Insulation O‘zbekistonda birinchi mineral bazalt paxtasi ishlab chiqarish zavodini ishga tushirdi.
Korxona yiliga 30 ming tonnagacha mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, bu nazariy jihatdan har yili taxminan 40 mingta uy-joyni issiqlik izolyatsiyasi bilan ta’minlashga yetadi.
Zavodda 110 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Natijada Knauf kompaniyasining O‘zbekistondagi umumiy xodimlar soni 440 nafardan oshdi.
Leapmotor
Aprel oyidan Leapmotor kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobil bo‘yicha rasman faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda.
Endi norasmiy yo‘llar bilan olib kirilgan avtomobillar kompaniya tomonidan tan olinmaydi va ularga rasmiy kafolat hamda xizmatlar taqdim etilmaydi.
Shuningdek, Leapmotor turni tasdiqlash hujjatini olish bo‘yicha sinov jarayonlari tez orada yakunlanishini ma’lum qildi. Kompaniya kelgusida UzTest bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, sifat nazoratini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Li Auto
2025-yil oktabr oyida Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchisi Li Auto O‘zbekiston bozoriga kirib, Toshkentda mahalliy Control Auto kompaniyasi bilan hamkorlikda birinchi dilerlik markazini ochdi.
Salonda Li L6, L7, L9 gibrid va elektr SUV’lari hamda to‘liq elektrli Li i8 modeli taqdim etilgan.
2025-yil noyabr oyida Li Auto modellari O‘zbekistonda sotuvga ruxsat beruvchi OTTS-sertifikatini oldi. Bu bosqichda kompaniya avtomobillarni qonuniy import qilish va rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazishga e’tibor qaratdi, biroq dilerlik tarmog‘ini kengaytirish yoki marketing kampaniyalarini boshlash rejalari oshkor etilmadi.
Foto: Yandeks xarita
Sinsay
Polshaning yirik moda kompaniyasi LPP S.A. tarkibidagi eng yosh brend — Sinsay 2025-yil yoz oylarida O‘zbekiston bozoriga kirib keldi.
Bugungi kunda Sinsay 900 dan ortiq do‘kon va faol onlayn savdo platformasiga ega.
Brend 2022-yilda Italiyada, 2023-yilda Gretsiyada yangi do‘konlar ochib, Yevropada kengayishni davom ettirayotgan kompaniyalar qatoriga kiradi.
Yobidoyobi
Rossiyaning Yobidoyobi sushi va roll yetkazib berish tarmog‘i mart oyida Toshkentda o‘zining birinchi restoranini ishga tushirdi.
Muassasa yetkazib berish va olib ketish formatida faoliyat yuritmoqda. Kompaniya yil oxirigacha poytaxtda yana 6−7 ta yangi nuqta, jumladan, o‘rindiqli restoran ochishni rejalashtirgan.
Tarmoq 2024-yilning dekabrida Belarusda qisqartirilgan nom — Yo sushi i rolli (Ё суши и роллы) ostida ish boshlagan bo‘lsa, O‘zbekistonda brend asl nomi — Yobidoyobi bilan faoliyat yuritmoqda.
Yobidoyobi xalqaro yo‘nalishi rahbari Nadejda Ovanesovaning ta’kidlashicha, tarmoq xalqaro ekspansiyani faol rivojlantirib, to‘liq nom ostida Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga chiqishni maqsad qilgan.
Krispy Kreme
Amerikaning mashhur ponchiklar tarmog‘i Krispy Kreme 2025-yilning noyabr o‘rtalarida O‘zbekiston bozoriga rasman kirib keldi. Mamlakatda eksklyuziv franshiza huquqi Food Town Logistics-Group kompaniyasiga tegishli.
Birinchi do‘kon Toshkentdagi Alfraganus savdo-ko‘ngilochar markazida ochildi.
Bugungi kunda Krispy Kreme dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritib, o‘zining brend do‘konlari tarmog‘ini kengaytirmoqda, chakana savdo hamkorlari bilan ishlamoqda va raqamli yo‘nalishni faol rivojlantirmoqda. Kompaniyaning bosh ofisi AQShning Shimoliy Karolina shtatida joylashgan.

Bozorga yana kimlar kirishi mumkin
Burger King
Aprel oyida International Beverages Tashkent ta’sischisi Shuhrat Ergashev prezident huzuridagi yig‘ilishda O‘zbekistonda tez orada birinchi Burger King restoranlari ochilishini ma’lum qildi. Markaziy ofis Toshkentda joylashishi mumkin. Bundan tashqari, kompaniyalar litsenziyani butun Markaziy Osiyo uchun olishni taklif qildi.
Burger King Uzbekistan — franshiza. Franchayzer esa Moskva. Shuningdek, Burgerhouse allaqachon tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda xodimlarni ishga qabul qilish ham boshlangandi.
Spot xabariga ko‘ra, Toshkentda uchta Burger King do‘koni ochilishi rejalashtirilgan: Tashkent City Mall, Seoul Mun va Beruniy (Alpomish muz saroyi yonida) metro bekati yaqinida.
Mom’s Touch
Mom’s Touch tarmoq rahbari Kim Dong-Chjon sentabrda One Food kompaniyasi rahbari Zafar Xo‘jayev bilan shartnoma tuzgan edi. Hujjat O‘zbekiston tomoniga master-franshiza — brenddan foydalanish huquqini boshqa kompaniyalarga o‘tkazish imkoniyatini beradi.
One Food yil oxirigacha Toshkentda birinchi Mom’s Touch restoranini ochadi. Mamlakat bo‘ylab jami 60 tagacha — hozirda faoliyat yuritayotgan KFC restoranlaridan ikki baravar ko‘p nuqta tashkil etish rejalashtirilgan.
Mom’s Touch kompaniyasi shartnomani Markaziy Osiyo bozorlariga tarqalishning boshlanishi deb atadi. Tarmoq keyinchalik Qozog‘iston va Qirg‘izistonda, shuningdek, Rossiya va Yaqin Sharq mamlakatlarida ishga tushirilishi maqsad qilingan.
Meta
Meta O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishi mumkin. Oktabr oyida Istiqbolli loyihalar milliy agentligida Facebook, Instagram, WhatsApp Threads tarmoqlarini o‘z ichiga olgan Meta kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar O‘zbekistonda Meta vakolatxonasini ochish istiqbollari, reklamani ilgari surish va kompaniya platformalarida joylashtirishda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish muhokama qildi.
Bundan tashqari, kontentni monetizatsiya qilish va mamlakatdagi raqamli kontent yaratuvchilarini qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Foto: Shutterstock
WB Taxi
Shuningdek, Wildberries O‘zbekistonda WB Taxi taksi chaqirish xizmatini texnik ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
WB Taxi dastlabki bosqichda loyiha “yopiq klub” shaklida faoliyat boshlaydi. Bu kompaniyaga nazorat qilinadigan boshlanishni ta’minlash va mijozlarga eng qulay foydalanish sharoitlarini yaratish imkonini beradi.
KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, WB Taxi joriy yilning iyun oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 500 ming so‘m bo‘lgan kompaniya “taksi faoliyati” bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilar Wildberries’ning “sho‘ba korxonasi” bo‘lgan WB Int Export (99%) va “RVB” MChJ (1%) birlashgan kompaniyasi hisoblanadi. Rahbar — Akmal Primqulov, u ham Wildberries kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori hisoblanadi.
Etihad Airways
Fuqaro aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya) oktabr oyida BAAning Etihad Airways aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berdi.
Aviatashuvchi Abu-Dabi-Toshkent-Abu-Dabi yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Parvozlarda Airbus A320−232/251N va A321−231/251N/251NX samolyotlaridan foydalaniladi.
Etihad 2026-yil 17-martdan boshlab Abu-Dabi-Toshkent reyslarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Kompaniya shaharlar o‘rtasida haftasiga oltita reysni amalga oshiradi.
Iyul oyida Etihad Yevroosiyoning yettita shahriga havo qatnovi yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi. Kompaniya Toshkentdan tashqari Qozog‘istonning Olmaota, Gruziyaning Tbilisi, Armanistonning Yerevan, Ozarbayjonning Boku, Ruminiyaning Buxarest va Saudiya Arabistonining Madina shaharlariga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Meraque
2025-yilda Malayziyaning Meraque Group kompaniyasi 2026-yil iyul oyida O‘zbekistonda agrodronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatini bildirgan.
Zavod Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti bazasida joylashtiriladi.
Loyihaga dastlabki investitsiyalar miqdori qariyb $3 mlnni tashkil etadi.
Hansae Mobility
Janubiy Koreyaning Hansae Mobility kompaniyasi 2026-yilda Farg‘onada avto ehtiyot qismlar zavodini ochishni rejalashtirmoqda. Viloyat hokimi Xayrullo Bozarov Koreyada kompaniya direktori bilan uchrashib, loyihani amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash masalalarini muhokama qildi.
Kompaniya avtomobil komponentlarini ishlab chiqaradi — tormoz tizimlari, rul boshqaruvi, yarim o‘qlar, transmissiyalar, avtopilot tizimlari va xavfsizlik datchiklari.
KYM Kablo
2025-yilda Turkiyaning KYM Kablo kompaniyasi Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida elektr kabellari ishlab chiqarish zavodini ochish rejalari haqida ma’lum qildi.
Loyiha qiymati $25 mlnga baholanmoqda: birinchi bosqichda $5 mln investitsiya kiritilib, past kuchlanishli kabellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik korxona o‘rta kuchlanishli kabellarni ham ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
Kompaniya ichki bozor ehtiyojini to‘liq qondirish va eksportga chiqishni rejalashtirmoqda.
Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati
Bozordan kimlar chiqdi
Magnum
Qozog‘istonning Magnum savdo tarmog‘i O‘zbekistondagi do‘konlarini yopib, bozorni tark etdi. Toshkentda kompaniyaning 5 ta supermarket va 1 ta gipermarketi faoliyat yuritgan.
Magnum O‘zbekiston bozoriga 2021-yil dekabr oyida kirib kelgandi. Avval Toshkentda 5 ming kv.m maydonga ega gipermarket ochildi, keyin esa supermarket formatidagi ikkinchi savdo nuqtasi ishga tushirildi.
2023-yil o‘rtalarida kompaniya O‘zbekistondagi Carrefour supermarketlarini sotib olib, 2024-yilda yana 10 ta do‘kon ochishni rejalashtirganini ma’lum qilgan. Biroq bu rejalar amalga oshmadi va 2025-yil boshidan boshlab kompaniya Toshkentdagi supermarketlarini yopishni boshladi hamda kuzga kelib bozorni butunlay tark etdi.
Oriyоnbank
3-iyun kuni Markaziy bank boshqaruvi O‘zbekistondagi Oriyоnbank vakolatxonasiga berilgan akkreditatsiya guvohnomasini qaytarib olish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Regulyator izohiga ko‘ra, bu qaror Oriyоnbank (Tojikiston) Kuzatuv kengashining O‘zbekistondagi vakolatxona faoliyatini tugatish haqidagi qaroriga asoslangan.
Oriyоnbank O‘zbekistonda o‘z ofisini 2022-yil avgust oyining boshida ochgan. Akkreditatsiya uch yil muddatga — 2025-yil avgustigacha berilgan. Bank mamlakatda o‘z vakolatxonasini ochgan Tojikistondagi ilk an’anaviy moliya muassasasi bo‘lgan.
Yevroosiyo banki
Qozog‘istonning Yevroosiyo banki O‘zbekistondagi sho‘ba tashkilotining litsenziyasi qaytarib olinganidan so‘ng mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qildi.
Taʼkidlanishicha, bu — Qozog‘istondagi biznesni rivojlantirishga resurslarni jamlash bo‘yicha avvalroq qabul qilingan strategik qarorning mantiqiy yakuni hisoblanadi. O‘zbekiston bankiga investitsiyalarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror regulyator rasmiy xabarnoma yuborishidan ancha oldin bank boshqaruvi va direktorlar kengashi tomonidan ma‘qullangan.
O‘zbekistondagi loyiha 2022-yil oxirida Qozog‘iston regulyatori ruxsati bilan boshlangan. 2023-yil may oyida O‘zbekiston Markaziy banki sho‘ba tashkilot ochish uchun dastlabki ruxsatnomani bergan.
2024-yil yanvarida bank ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini tasdiqlagan, biroq loyiha keyingi bosqichga o‘ta olmadi. Natijada regulyator sho‘ba tashkilot litsenziyasini qaytarib oldi va bank bozorni tark etishini rasman ma’lum qildi.







