Sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi kompaniyalar rahbarlari Time jurnali tomonidan “Yil insonlari” deb e’tirof etildi. Bu haqda 11-dekabr kuni ma’lum qilindi.

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, nufuzli nominatsiyada “sun'iy intellekt yaratuvchilar” g‘alaba qozongan.

Mashhur “Osmono‘par binodagi tushlik” surati uslubidagi muqovada quyidagi shaxslar tasvirlangan:

  • Meta rahbari Mark Sukerberg;
  • AMD bosh direktori Liza Su;
  • X kompaniyasi rahbari Ilon Mask;
  • Nvidia rahbari Jensen Xuang;
  • OpenAI rahbari Sem Altman;
  • Google’ga tegishli DeepMind sun’iy intellekt kompaniyasi bosh direktori Demis Xassabis;
  • Anthropic rahbari Dario Amodey;
  • ImageNet asoschisi va “AIning cho‘qintirgan onasi” Fey-Fey Li.

Time nashrining ta’kidlashicha, AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning 2025-yildagi qasamyod marosimida Amerika texnologiya kompaniyalari rahbarlari, jumladan Mask, Altman va Sukerberg “ahamiyatli o‘rin” egallagan.

O‘sha kuni, 20-yanvar sanasida, Xitoyda DeepSeek nomli suhbatdosh dastur ishga tushirildi va u bir zumda butun dunyoda eng ko‘p muhokama qilinayotgan ishlanmalardan biriga aylandi.

Ertasi kuniyoq G‘arb sanoat yetakchilari dunyodagi eng yirik sun’iy intellekt loyihasini yaratish maqsadida “Yulduzli darvozalar” loyihasiga $500 mlrd mablag‘ sarflashga va’da berishdi.

2024-yilda Time jurnali Donald Trampni yil odami deb topgandi.

U yil odami sifatida ikkinchi marotaba e’tirof etildi. Bundan oldin, siyosatchi 2016-yilda AQSh prezidentlik saylovlaridagi birinchi g‘alabasidan keyin mazkur nomni olgandi.