Britaniyaning “Time” jurnali 2024-yilgi saylovda AQShning navbatdagi prezidenti etib saylangan Donald Trampni “Yil odami” deb topdi. Bu haqda nashrning rasmiy saytida xabar berilgan.
Jurnal veb-saytidagi u haqdagi maqolada ta’kidlanishicha, Tramp Demokratik partiyadan bo‘lgan ikki raqibini ortda qoldirib, barcha asosiy shtatlarda g‘alaba qozonib, mag‘lubiyatdan so‘ng ikkinchi muddatga qayta saylangan AQShning birinchi sobiq prezidenti bo‘ldi. Shuningdek, u 20-yil ichida umummilliy ovoz berishda g‘olib chiqqan birinchi respublikachidi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, uning muvaffaqiyati “mamlakatning og‘riqli nuqtasiga zarba bergani” va iqtisodiyot, immigratsiya hamda madaniy siyosatdan norozi amerikaliklarni birlashtira olgani bilan bog‘liq.
“Time” jurnalining ta’kidlashicha, Trampning yangi muddati ichki va tashqi siyosatda sezilarli o‘zgarishlarni va’da qilmoqda. Prezident immigratsiya, savdo va davlat institutlari sohasida keng ko‘lamli islohotlarni rejalashtirmoqda.
Donald Tramp yil odami sifatida ikkinchi marotaba e’tirof etilmoqda. U 2016-yilda “Yil odami"ga aylangandi. Turli yillarda “Time” jurnali dunyoga ta’sir ko‘rsatgan turli odamlarni “Yil odami” deb e’lon qilgan. Ular orasida Franklin Ruzvelt, Adolf Gitler, Iosif Stalin, Jon Kennedi, Jorj Bush, amerikalik askar va internet foydalanuvchisi bor.
Avvalroq Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatida davlat rahbariga tegishli barcha moddiy imtiyozlardan voz kechishini bildirgani haqida xabar berilgandi.