Donald Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatida davlat rahbariga tegishli barcha moddiy imtiyozlardan voz kechishini bildirdi.

“NBC” telekanaliga bergan intervyusida u yiliga $400 ming bo‘lgan prezidentlik maoshini olmasligini, shuningdek, umr bo‘yi to‘lanadigan nafaqadan (hozirda soliqlarni hisobga olmaganda $219 ming) ham voz kechishini ma’lum qildi.

“Men bir sent ham olmayman. Bu davlat xarajatlarini kamaytirishga qo‘shgan hissamdir,” — deya ta’kidladi Tramp.

Trampning aytishicha, u ehtimol, Jorj Vashingtonni hisobga olmaganda maosh olmagan birinchi AQSh prezidenti bo‘lishi mumkin.

Ilgari, birinchi prezidentlik muddati davomida Tramp prezidentlik maoshidan voz kechib, mablag‘larni xayriya va turli dasturlarga, jumladan, milliy bog‘larni muhofaza qilishga yo‘naltirgan edi.

Bunga qaramasdan, Tramp hamon AQShning eng boy kishilaridan biri bo‘lib qolmoqda. “Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 2,3 mlrd deb baholanmoqda.


Avvalroq “Spot” Tramp Ilon Maskni hukumat samaradorligi departamenti rahbari lavozimiga tayinlagani haqida yozgandi.

Ushbu departamentni Mask bilan birgalikda yana bir tadbirkor Vivek Ramasvami boshqaradi.