Avvalroq Spot Yandex Uzbekistan Allplay striming xizmatini sotib olgani haqida yozgandi. Raqobat qo‘mitasi platforma faoliyatini bozor ishtirokchisi sifatida saqlab qolishga ko‘rsatma berib, kelishuvga oldindan rozilik berdi.
Allplay Yandex Plus obunasining bir qismiga aylangani haqidagi kelishuv e’lon qilingach, platformadan ko‘plab film va seriallar yo‘qoldi. Spot so‘roviga javoban Yandex Uzbekistan matbuot xizmati bu holat servisning “yangi ish modeliga” o‘tishi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi, biroq tafsilotlarni ochiqlamadi.
“Avval platformada mavjud bo‘lgan ayrim filmlar va seriallarning hozircha yo‘qligi servisning yangi ish modeliga o‘tishi bilan bog‘liq. Kontentning bir qismi vaqtincha mavjud emas, ammo biz mashhur taytllarni qaytarish ustida faol ishlayapmiz. Maqsadimiz — yagona obuna doirasida eng sara filmlar, seriallar va TV-kanallarni birlashtirish orqali imkon qadar rang-barang kutubxonani shakllantirish”, — deyiladi bayonotda.
Yandex Uzbekistan ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Allplay’da Amediateka, Start, Wink, Premier va Kinopoisk’ga tegishli filmlar hamda seriallar mavjud. Ular orasida “Garri Potter” va “Uyda yolg‘iz” franshizalari, shuningdek “Kambek”, “Uzoq shahar” va “Klyukva sharbati” kabi mashhur seriallar bor.
Bundan tashqari, Allplay saytining “ko‘p beriladigan savollar” bo‘limida platformadagi kontent sonining qisqarishi “huquq egalarining talabi” bilan izohlangan. Shu bilan birga, kompaniya katalogni yangi filmlar va seriallar bilan muntazam ravishda to‘ldirib borish ustida ish olib borayotganini ta’kidlaydi.
Bungacha Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov o‘zining Telegram-kanalida Allplay o‘z brendi ostida rivojlanishini ma’lum qilgandi.
“Allplay yagona Yandex Plus obunasining bir qismi bo‘ladi, unda foydalanuvchilar kino va seriallardan tashqari musiqa, kitoblar, sport translyatsiyalari va ekotizim bonuslaridan — keshbek va Yandex Go’da “Taom"ni bepul yetkazib berish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi”, — deb yozdi u.
Avgust oyida Raqobat qo‘mitasi Allplay’ning onlayn translyatsiya yoki video va audio kontent, jumladan, televidenie va kino bo‘yicha raqamli platforma operatori sifatidagi ustun mavqeini tan olgandi.
Avvalroq Spot Gasgo Oil BYD brendini obro‘sizlantirgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar bergandi.
