Raqobat qo‘mitasi BYD Uzbekistan Factory murojaati asosida Gasgo Oil korxonasiga nisbatan tekshiruv o‘tkazib, jarima qo‘lladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Murojaatda qayd etilishicha, Gasgo Oil o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi reklama roliklarida BYD brendini obro‘sizlantiruvchi lavhalardan foydalangan. BYD Uzbekistan bu holat kompaniyaning ishchanlik obro‘siga zarar yetkazganini bildirgan.

Qo‘mitaga ko‘ra, mazkur harakatlar “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasi talablariga zid. Ushbu modda reklamada boshqa shaxslarning tovar yoki xizmatini kamsitish va badnom qilishni taqiqlaydi.

Tekshiruv natijalari asosida qo‘mita huzuridagi maxsus komissiya Gasgo Oil‘ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi va jarima qo‘llash haqida qaror chiqardi. Qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berdi.

Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, tomonlar ushbu qarordan norozi bo‘lsa, apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Raqobat qo‘mitasi yangi yil oldidan yolg‘on chegirmalar ko‘paygani haqida ogohlantirgandi.


Avvalroq Navoiyda litsenziyasiz umra safarlarini reklama qilgan ikkita firma jarimaga tortilgandi.