Avvalroq O‘zbekistonda qariyb 13 ming nomdagi dori vositalari uchun elektron retseptlar berilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi jamoatchilikni qiziqtirayotgan asosiy savollarga javob berdi.
Vazirli ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida 152 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 496 ta dorixonaning barchasi elektron retsept tizimiga ulangan. Shuningdek, poytaxtdagi 1 945 ta xususiy tibbiyot muassasasidan 796 tasi (41%) tizimga integratsiya qilingan.
15 ta tajriba hududlarida 383 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 319 ta dorixona to‘liq ulangan, mavjud 858 ta xususiy klinikaning 547 tasi (64%) tizimga qo‘shilgan. Qolgan xususiy klinikalar esa retsept yozilmasligi, faoliyati to‘xtatilganligi sababli tizimga ulanmagan.
Toshkent shahridagi 12 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 71 ta oilaviy poliklinika hamda 15 ta hududdagi 177 ta 1-tip, 141 ta 2-tip oilaviy poliklinika va 32 ta 2-tip oilaviy poliklinika filiallariga qatnov quvvati asosida aholi biriktirilgan. Mazkur tibbiyot muassasalarining bemorlarni qabul qilish hamda ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish quvvati yetarli.
Tizimga ulanmagan xususiy klinikaga murojaat qilgan bemorlar retseptlarni olishda o‘ziga biriktirilgan oilaviy poliklinika va shifokorga yoki shoshilinch tibbiyot muassasalariga murojaat qilishlari mumkin.
Retseptli dorilar ro‘yxati qanday tuzilgan?
Hozirda retseptli dorilarning 98,9%i elektron shaklda rasmiylashtirilmoqda. Faqat kuchli ta’sir qiluvchi, giyohvandlik va psixotrop moddalar saqlovchi ayrim dorilar an’anaviy maxsus retsept blankalari asosida beriladi.
Dori vositalarining retsept bilan yoki retseptsiz berilishi ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda belgilanadi va tegishli yo‘nalishdagi shifokor mutaxassislar xulosalari asosida tasdiqlanadi.
Bunda dori vositasining berilish tartibi original preparat uchun belgilangan qoidalar, ishlab chiqaruvchi davlatning ruxsati, shuningdek faol moddaning dozasi, dori shakli, qo‘llanish usuli va qadoq hajmiga bog‘liq.
Faol moddalar, jumladan Paratsetamol va Ibuprofen saqlovchi kombinatsiyalangan dorilar farmakologik xossalarining kuchayishi va nojo‘ya ta’sirlar xavfi sabab retsept asosida qo‘llanilishi mumkin.
Masalan, askorbin kislotasining tabletka va draje (dumaloq) shakllari retseptsiz, in’eksion shakli esa retsept bilan beriladi. Paratsetamol va Ibuprofenning tabletkalari, bolalar uchun suspenziya va siroplari, shuningdek surtmalar va gellar retseptsiz sotiladi, biroq 500 mgdan ortiq ushbu moddalarni o‘z ichiga olgan majmuaviy dorilar retsept bilan beriladi.
Dorilarning retseptli yoki retseptsiz berilishi ularning qadoqlari va yo‘riqnomalarida ko‘rsatilgan.
Surunkali kasalliklar va shoshilinch holatlar
Asosiy dori vositalari Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023-yil 21-avgustdagi 34-son buyrug‘iga muvofiq tasdiqlangan bo‘lib, ular 65 ta guruhga ajratilgan.
Surunkali kasalligi bor bemorlarga anabolik faollikka ega ayrim dori vositalari 60 yoki 90 kunlik davolash kursiga yetarli miqdorda elektron retsept asosida belgilanadi. Kafolatlangan paketga kiritilgan dorilar reimbursatsiya dasturi doirasida bepul beriladi.
Shoshilinch tibbiy yordamda 67 turdagi, shoshilinch qabul bo‘limlari va oilaviy poliklinikalarda esa 34 turdagi asosiy dori vositalaridan foydalaniladi.
Retsept yozdirish uchun alohida tezkor yo‘lak joriy etilmagan. Surunkali kasalligi bor bemorlarga navbat asosida xizmat ko‘rsatiladi, shoshilinch holatlarda esa birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari barcha oilaviy poliklinikalarda mavjud.
Texnik ta’minot
Toshkent shahri va tajriba hududlaridagi davlat tibbiyot muassasalari elektron retsept yozish uchun zarur AKT — monoblok, planshet, chek-printer va tarmoq qurilmalari bilan ta’minlangan. Tizimni joriy etishdan avval shifokorlar takliflari inobatga olingan.
“Elektron retsept” tizimidan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma vazirning 2025-yil 19-noyabrdagi 335-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan. Tizim joriy etilayotgan hududlardagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun o‘quv seminarlari o‘tkazilgan.
Dorixonalarning 17 ming nafardan ortiq xodimlari tizim bilan ishlash bo‘yicha o‘qitildi: onlayn o‘quv kurslari tashkil etildi, videodarsliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi.
“Elektron retsept” tizimi hozirda ishchi holatda. Internet tezligida uzilishlar bo‘lmasa, undan barqaror foydalanish mumkin. Texnik mutaxassislar server yuklamasini doimiy monitoring qilib, optimizatsiya ishlarini olib bormoqda.
Tizim ishlamay qolsa, nima bo‘ladi?
Elektr yoki tarmoqdagi uzilishlar sabab tizim vaqtincha ishlamagan holatlarda shifokorlar muqobil tarzda planshetlar orqali elektron retsept rasmiylashtiradi.
Shoshilinch vaziyatlarda bemorlarga zarur dori vositalari tibbiyot muassasalari zaxirasidan beriladi. Elektron retseptlar esa asosan ambulator davolanish uchun mo‘ljallangan.
Tizim serverlari Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamli sog‘liqni saqlash markazi tomonidan 24/7 rejimida kuzatib borilmoqda. Shuningdek, murojaatlarni qabul qilish uchun @ssv_pilotbot Telegram boti faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, aholi savollariga tezkor javob berish uchun “Ishonch telefoni” bazasida muntazam faoliyat yurituvchi 1003 qisqa raqamli “Call-markaz” tashkil etildi.
Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi talab yuqori bo‘lgan 389 ta retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini taqdim etgandi. U bilan havola orqali tanishish mumkin. Dorilarning savdo nomlari havolada keltirilgan.
