O‘zbekistonda Biznes hamroh loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 1000 dan ortiq davlat va xususiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish orqali tadbirkorlar faoliyatiga to‘laqonli hamrohlik qilish tizimi joriy etiladi.

Tadbirkorlar masalalari va muammolarini eshitish, muhokama qilish va joyida hal qilishga mo‘ljallangan sifat jihatdan yangi maydoncha yaratiladi.

2026-yil 1-martdan Biznes hamroh loyihasi joriy etilib, uning doirasida markazlar yo‘lga qo‘yiladi. Ular Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan MCHJ tomonidan boshqariladi. Dastlabki bosqichda bu kabi markazlar Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar markazlarida bittadan tashkil etiladi.

Kelgusi yil martdan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining tadbirkorlar bilan muloqotini tashkil qilishning tartibi joriy etiladi. Bunda rahbarlar har chorakda tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida hududlarda tadbirkorlar bilan Biznes hamroh markazlarida uchrashadi.

Reja-grafiklar har chorakda barcha uchun ochiq holatda Biznes hamroh elektron platformasi va tegishli tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.

Platformadagi “Rahbarlar bilan muloqot” moduli orqali bir chorak davomida 1 ta hududdan kamida 10 nafar tadbirkorning murojaati yo‘naltirilgan tashkilot rahbarlari keyingi chorak uchun mo‘ljallangan reja-grafigiga ushbu hududdagi tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazishni kiritadi.

Uchrashuvlarda ko‘tarilgan va markazning Call markazidan kelib tushgan murojaatlar platforma orqali “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga kiritiladi.

Biznes hamroh markazlari zarur funksional imkoniyatlarga ega bo‘lgan davlat xizmatlari markazlari binolariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylashtiriladi.

Dekabr oyi avvalida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Biznes hamroh markazlarini ochish taklif qilingandi. Uning doirasida tadbirkorlarning murojaatlariga tun-u kun javob beradigan Call-markaz tashkil etilishi taʼkidlangan edi.


Avvalroq tadbirkorlarga beriladigan subsidiyalar doimiy tarzda monitoring qilinishi belgilangandi.