Tadbirkorlarga subsidiyalar taqdim etilishini tizimli monitoring qilish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etishda ularni taqdim etadigan tashkilot tomonidan tadbirkor erishishi lozim bo‘lgan aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanadi.

Tadbirkorga subsidiyalar ajratilishi subsidiya.mf.uz platformasi orqali monitoring qilinadi. Samaradorlikni baholashda manbalardan quyidagi ketma-ketlikda foydalaniladi:

  • tadbirkorning moliyaviy, soliq hisobotlari;
  • sohaviy idoralar yoki statistika idoralari maʼlumotlari;
  • qo‘llab-quvvatlash choralari natijalari yuzasidan tadbirkor tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar.

Samaradorlik har bir tadbirkor uchun iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy mezonlar bo‘yicha alohida baholanadi.

Tadbirkorga taqdim etilgan subsidiyalar shartnoma bo‘yicha tadbirkor tomonidan erishish lozim bo‘lgan aniq maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilmaganda qaytariladi.

Shuningdek, mablag‘lardan maqsadsiz va samarasiz foydalanilgani aniqlanganda ham qaytarilishi lozim.

Bundan tashqari, tadbirkor tomonidan tegishli hujjatlar yoki maʼlumotlarni noto‘g‘ri yoxud buzib ko‘rsatish va asossiz olingani holatlari aniqlanganda ham subsidiya qaytariladi.


Avvalroq qishloq xo‘jaligidagi 52 turdagi subsidiyalar yagona raqamli tizim orqali berilishi aytilgandi.