Xitoyning Chery Automobile avtomobil ishlab chiqaruvchisi O‘zbekistonda 14 ta avtomobil sanoat namunasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda Adliya vazirligining Intellektual mulk markazi maʼlum qildi.

Eʼlon qilingan rasmlar ro‘yxatiga 7 ta krossover, 3 ta sedan va ikkita yo‘ltanlamas kiritilgan. Bular mahsulotning tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi va estetik jihatlarni himoya qilish uchun qo‘llaniladigan badiiy-konstruktorlik yechimlarining namunalaridir.

Rasmlarda taqdim etilgan modellar qatoriga Chery Tiggo 7 C-DM va Tiggo 9 C-DM krossoverlari, Omoda 7, Jetour J1, Exeed ET8, shuningdek, yangi Chery Arrizo 8 sedanlar turkumi kiradi.

Chery 2021-yil noyabr oyida O‘zbekiston bozoriga kirishini rejalashtirganini maʼlum qilgan va sotuvni 4 ta model bilan boshlagan edi. 2022-yilning yozida kompaniya mahalliy distribyutor Roodell bilan avtomobillar savdosini tashkil etish va keyinchalik ularni ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

2022-yil kuzida kompaniyaning Exeed sho‘ba brendi mahalliy bozorga chiqishini eʼlon qildi. 2023-yil aprelida esa Chery guruhining yana bir brendi — OMODA O‘zbekistonda faoliyat boshlashini maʼlum qildi.

Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, yanvar-oktyabr oylari davomida O‘zbekistonda barcha modeldagi 7,77 mingta Chery avtomobili ishlab chiqarildi. Ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30%ga oshdi.

Noyabr oyida BYD kompaniyasi Adliya vazirligida uchta avtomobil sanoat namunasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ularning eʼlon qilingan rasmlari BYD e-Vali elektr furgoni, BYD Seal 06 GT o‘rta o‘lchamli krossoveri va Denza N9 to‘liq o‘lchamli premium krossoveriga o‘xshaydi.

BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi bosh direktori Azizbek Muhitdinov Sherzodxon Qudratxo‘jaga bergan intervyusida “arzon, sifatli va boshqa turdagi elektromobillar"ni taqdim etish rejalari haqida so‘zladi. U zavod yaqin kelajakda yangi modellarning taqdimotini o‘tkazishini taʼkidladi.

Spot, avvalroq, 2026-yildan boshlab Sirdaryo viloyatida qiymati $122 mln bo‘lgan avtomobil zavodi ishga tushirilishi haqida yozgandi.