Xitoyning “EXEED” brendi O‘zbekistonda o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya “Spot"ga ma’lum qildi.

Bu bo‘yicha hozirda muzokaralar olib borilayotgan bo‘lib, loyiha kelasi yildan boshlanishi ta’kidlanmoqda.

“Chery” brendi bo‘lishimizga qaramasdan, ishlab chiqarish zavodi hamda dilerlik tarmog‘ini undan alohida rivojlantiramiz", — deydi kompaniya vakili.

Mazkur avtomobil brendi AQSh, Rossiya va Qozog‘iston kabi mamlakatlarga kirib borgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni, Quvaytda muvaffaqiyatli ishga tushurilgandan keyin, BAA bozoriga ham kirib boradi.

Kompaniya haqida.EXEED” 2017-yilda tashkil etilgan “Chery” brendi sanaladi.

Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchisi premium avtomobillar uchun alohida savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Xalqaro jamoa tomonidan ishlab chiqilgan model global bozorda sinxron ravishda sotuvga chiqariladi.

Avvalroq “Chery” kompaniyasi vakillari “Spot"ga bergan intervyusida joriy yilning oxirigacha sotuvlarni yo‘lga qo‘yishni ma’lum qilgandi.

Kompaniya mahalliy dilerlarni “Chery” brendini O‘zbekiston bozorida birgalikda ilgari surish uchun hamkorlik qilishga chaqirmoqda.

“Iste'molchilarni asosan narxlar qiziqtiradi. Biz “Roodell"dagi hamkorlar bilan har bir model uchun mahsulot strategiyasini ishlab chiqyabmiz. Mahalliy bozorni tahlil qilamiz. Bu yo‘nalishdagi ishlarni yakunlashimiz bilan yakuniy narxlar ro‘yxatini e’lon qilamiz”, — deydi “Chery"ning O‘zbekistondagi direktori Gong Ziming.

Kompaniya kelgusida O‘zbekistonda 30 ta xizmat ko‘rsatish markazi va taxminan shuncha ko‘rgazma zallarini ochishni rejalashtirmoqda.