Avvalroq O‘zbekistonda qariyb 13 ming nomdagi dori vositalari uchun elektron retseptlar berilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi murojaat va takliflar asosida qo‘shimcha tashkiliy hamda tushuntirish ishlarini amalga oshirmoqda. Xususan, davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlarining yetakchi shifokorlari, tegishli idoralar vakillari va soha ekspertlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda “Elektron retsept” tizimini joriy etish bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, tibbiyot xodimlar tajribasi va bemorlar ehtiyojlari asosida ayrim tartiblarni yaxshilash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Vazirlik huzurida Ekspertlar kengashi tashkil etilib, haftaning har juma kuni ochiq yig‘ilishlar o‘tkazilishi belgilandi.
Xususiy tibbiyot tashkilotlari va shifokorlar “Elektron retsept” moduliga bepul ulanishlari mumkin. Retsept yozish faqat shifokor vakolatiga kiradi. Ma’lum bir tibbiyot muassasasida zarur dori vositasi yo‘q bo‘lgan hollarda, shifokor retsept yozib beradi. Ma’lumotlarni rasmiylashtirish esa dorixona muassasasining farmatsevti tomonidan amalga oshiriladi.
Dori vositasi elektron retsept, QR-kodli hujjat yoki JSHSHIR asosida beriladi. Chet el fuqarolari esa elektron retsept olish uchun umumiy shartlarda davlat tibbiyot muassasalarida ro‘yxatdan o‘tish huquqiga ega.
Muhokamalar yakuniga ko‘ra, “Elektron retsept” tizimini joriy etishning keyingi bosqichlarini belgilovchi vazir buyrug‘i qabul qilindi. Unga muvofiq, tizim Toshkent shahri va 15 ta tajriba hududida bosqichma-bosqich joriy etilib, retseptlar dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari DMED tizimiga bepul ulanib, vazirlikning raqamli platformasi bilan integratsiya qilinadi.
Dori vositalari ro‘yxati bosqichma-bosqich shakllantiriladi va har bir bosqichda ijtimoiy xavf hamda ehtiyojlardan kelib chiqib Ekspertlar kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Birinchi bosqichda tizimli ta’sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial va gormonal preparatlar uchun elektron retsept majburiy etib belgilanadi.
Shifokorlarning elektron retsept yozish vakolatlari, jumladan muayyan tibbiyot muassasasida mavjud bo‘lmagan dorilarni tayinlash va ularni dorixona farmatsevtlari tomonidan tizimga kiritishning huquqiy asoslari mustahkamlanadi.
Dorixonalarda retseptli dorilarni retsept asosida berish (JSHSHIR orqali) tartibi belgilanadi, tizim to‘liq joriy etilgungacha va favqulodda holatlarda qog‘oz retseptlarni berish saqlab qolinadi.
Elektron retsept bo‘lmagan holatlarda farmatsevtlar bemorning shaxsini tasdiqlovchi hujjat va JSHSHIR orqali tizimdan retseptni ko‘rib, dori berishi mumkin bo‘ladi.
Tizim fuqarolar, jumladan chet el fuqarolarining ham tibbiy yordam va dori olish huquqlarini ta’minlaydi, aholi jarayon va dori vositalari ro‘yxatlari bo‘yicha rasmiy manbalar orqali xabardor qilib boriladi.
Bundan tashqari, 1003 qisqa raqamli call-markaz orqali yotoq rejimidagi va surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar o‘z oilaviy shifokoriga murojaat qilishlari va masofadan turib elektron retseptni olishlari mumkin bo‘ladi, shuningdek, patronaj xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Davolovchi shifokor qaroriga ko‘ra, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga:
- 60 kungacha davolanish davrida — Xalqaro kasalliklar tasnifiga muvofiq kodlanadigan, surunkali kasalliklarni davolashda tayinlanadigan, anabolik faolligi bilan ajralib turadigan dorilar uchun;
- 90 kungacha — boshqa tayyor dori vositalari uchun (reimbursatsiya doirasida — 30 kungacha) retseptlar yozishning alohida tartibi belgilanadi.
Bu hollarda elektron retsept va tegishli QR-kodning amal qilish muddati belgilangan davolash kursi davriga muvofiq uzaytiriladi.
Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi talab yuqori bo‘lgan 389 ta retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini taqdim etgandi. U bilan havola orqali tanishish mumkin. Dorilarning savdo nomlari havolada keltirilgan.
