Turkiyaning Arimatik kompaniyasi Shirin shaharchasi loyihasiga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi xabar berdi.
Viloyat rahbari Adiz Boboyev 12-dekabr kuni Arimatik delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Kompaniya vakillari Samarqanddagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda asosiy hamkor bo‘lish istagini qayd etdi.
Arimatik Samarqand shahridagi Shirin massivi qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirib, hududga bosqichma-bosqich $4 mlrd investitsiya kiritishga tayyorligini ma’lum qildi.
Boboyev “Shirin” direksiyasi rahbariyati bilan birgalikda bo‘lajak shaharchaning meʼmoriy qiyofasi va infratuzilma loyihalari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, mehmonlarga uning hududidan yer sotib olish shartlari va tartibi tushuntirildi.
Tomonlar shaharchaning yakuniy konsepsiyasi tasdiqlangandan so‘ng loyiha ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldilar.
2023-yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev Shirin massivining loyiha rejasi bilan tanishdi. Davlat rahbari loyihani yetakchi shaharsozlik tajribasi asosida takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
O‘sha yilning iyulida shaharchani barpo etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Buning uchun davlat muassasasi shaklida direksiya tashkil etilib, chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskunalar uchun bojxona boji to‘lash bekor qilinishi belgilandi.
Joriy yilning noyabr oyi oxirida prezident ishtirokida bo‘lib o‘tgan viloyat kengashi sessiyasida Shirin massivida 180 ming zamonaviy ko‘p qavatli uylar barpo etilishi ma’lum qilindi.
Samarqand shahridagi 49 ta viloyat tashkiloti kelasi yil massivga ko‘chadi. Shu yil oxirigacha bu Shirin massivini shahar markazi bilan bog‘lovchi Qoradaryo ustidan o‘tgan 577 metrli ko‘prik ishga tushiriladi.
Spot, avvalroq, Turkiyaning Heyal Holding kompaniyasi Farg‘ona viloyatida $350 mlnga sanoat zonasi qurishi haqida yozgandi.
