Avvalroq O‘zbekistonda qariyb 13 ming nomdagi dori vositalari uchun elektron retseptlar berilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Endi qaysi dori vositalari retsept asosida sotilishini Yagona portal orqali ham bilib olish mumkin. Bu haqda portal matbuot xizmati xabar berdi.

Buning uchun my.gov.uz portalidagi “Retsept asosida va retseptsiz beriladigan dori vositalari haqida ma‘lumot” xizmatidan foydalanish mumkin.

Kerakli dori nomini kiritib, uning retsept bilan yoki retseptsiz berilishi haqida to‘liq ma‘lumot olish mumkin. Xizmatdan foydalanish bepul.

10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharda “Elektron retsept” tizimi joriy etildi. Qolgan hududlarda 2026-yil yakunigacha ishga tushiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizim bo‘yicha xavotirlarga javoban, ayrim bemorlar zarur dorilar bilan ta’minlanishini hamda retseptsiz beriladigan dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirilganini bildirdi.

Undan keyin vazirlik talab yuqori bo‘lgan 389 ta retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini taqdim etdi. U bilan havola orqali tanishish mumkin. Dorilarning savdo nomlari bu yerda keltirilgan.

Tizim serverlari Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamli sog‘liqni saqlash markazi tomonidan 24/7 rejimida kuzatib borilmoqda. Shuningdek, murojaatlar @ssv_pilotbot Telegram boti hamda 1003 qisqa raqamli “Call-markaz” orqali qabul qilinadi.

Avvalroq elektron retsept birinchi bosqichda antibiotik va gormonal dorilar uchun majburiy bo‘lishi aytilgandi.