Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonda elektron retsept tizimi joriy etilishi bo‘yicha rasmiy izoh berdi.
Vazirlikning qayd etishicha, tizimning asosiy maqsadi davolash xavfsizligini oshirish va bemorlar salomatligini himoya qilish, shifokorlarning dori tayinlash mas’uliyatini kuchaytirish va uni tartibga solishga qaratilgan.
Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli hisobga o‘tish, kontrafakt yoki noto‘g‘ri qo‘llanilayotgan dori vositalari aylanmasi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish ko‘zlangan.
“Elektron retsept” tizimi hozirda Toshkent shahri va 15 ta tumanda joriy etilmoqda. Uni butun mamlakat bo‘ylab kengaytirish natijalar tahlili, aniqlangan tashkiliy va texnik muammolar asosida 2026-yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Tizim to‘lish ishga tushirilishidan oldin uning zaif jihatlari aniqlanadi va mexanizmlar takomillashtiriladi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarning xavotirini to‘liq tushunadi va ta’kidlaydiki, favqulodda holatlarda, shuningdek, bolalarga, keksa yoshdagi shaxslarga va surunkali kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi. Bu toifadagi bemorlar alohida nazoratda bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Yangi tizimni joriy qilish davrida vazir rahbarligida shifokorlar, dorixona tashkilotlari va AKT mutaxassislaridan iborat doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh tashkil etilgan.
Ishchi guruh “Elektron retsept” tizimining amalda qo‘llanilishini muntazam monitoring qiladi, fuqarolar va tibbiyot xodimlarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi, poliklinikalarga tushayotgan yuklamani, raqamli servislar barqarorligini va dori vositalarini berish tartibini tahlil qiladi. Zarur hollarda tezkor tarzda tegishli tuzatishlar kiritiladi.
Bundan tashqari, vazirlik kundalik va favqulodda maishiy holatlarda aholi tezkor yordam olishi uchun shifokor retseptisiz beriladigan muhim dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirilganini bildirdi.
Ro‘yxat xalqaro amaliyot, shifokorlar tavsiyalari va hayotiy holatlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan hamda vazirlikning rasmiy axborot resurslarida e’lon qilingan. Ro‘yxat amaliy qo‘llanish natijalari va takliflar asosida aniqlashtirilishi hamda to‘ldirilishi mumkin.
Tajriba hududidagi dorixonalarda joriy qilingan tizim doirasida fuqarolar murojaatlarini qabul qilish uchun Telegram’da @ssv_pilotbot tashkil etildi. U orqali tizim va dori vositalarini berish bilan bog‘liq barcha murojaatlar “ustuvor tartibda” ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, vazirlik jamoatchilik muntazam ravishda xabardor qilib borilishini qayd etdi.
Retseptli yoki retseptsiz sotiladigan dorilar ro‘yxati bilan havola orqali tanishish mumkin.
Vazirlik retseptsiz beriladigan dori vositalarining ro‘yxatini e’lon qildi. Unda jami 389 ta dori vositalarining nomlari keltirilgan.
SSV ishchi guruhi elektron retsept bo‘yicha dastlabki muammolarni o‘rganmoqda. Aholi va tibbiyot xodimlari murojaatlari asosida tizim faoliyati, poliklinikalardagi yuklamalar hamda dori vositalarini berishning barqarorligi tahlil qilinmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda referent narxlar qayta ko‘rib chiqilgach, 2,5 mingta dori narxi 60% gacha arzonlashishi mumkinligi xabar berilgandi.
