12-dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida “Elektron retsept” tizimini joriy etish bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Asilbek Xudayarov ishtirokidagi yig‘ilishda ishchi guruh tomonidan fuqarolar hamda tibbiyot xodimlarining murojaatlari o‘rganilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, tizim ishga tushirilgan dastlabki kunlarda uning faoliyati, jumladan, poliklinikalarga bo‘ladigan yuklamalar, dori vositalarini berish tartibi va raqamli xizmatlar ishining barqarorligi tahlil qilinmoqda.

Vazirlik kelib tushayotgan barcha taklif va e’tirozlar “tezkor ravishda va atroflicha” ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharda “Elektron retsept” tizimi joriy etila boshlandi. Qolgan hududlarda esa 2026-yil yakunigacha ishga tushiriladi.

Bunda dorixonalar “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron tibbiy karta” hamda “Elektron retsept” modullari bilan real vaqt rejimida ma’lumot almashuvini ta’minlashi shart.

Shu bilan birga, barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga ulanadi. Bu platforma joriy etilgungacha esa ular SSVning “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimiga integratsiya qilinishi kerak.

Retsept bilan beriladigan dori vositalarini tayinlash va chakana sotishda zarur ma’lumotlar majburiy tarzda “Elektron retsept” moduliga uzatiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda referent narxlar qayta ko‘rib chiqilgach, 2,5 mingta dori narxi 60% gacha arzonlashishi mumkinligi xabar berilgandi.