Energetika vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonning ayrim hududlarida elektr energiyasini yetkazib berish bilan bog‘liq uzilishlar bo‘yicha izoh berdi.

Vazirlik matbuot kotibi Dildora Hoshimova bu bo‘yicha videomurojaat yo‘llab, unda elektr ta’minotidagi uzilishlar va ular bo‘yicha yetarlicha tezkor hamda ochiq axborot berilmayotgani borasida ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlar kelib tushayotganini qayd etdi.

“Energetika vazirligining shu yo‘nalishi bo‘yicha mas’uli sifatida uzr so‘rayman. Haqiqatdan ham, ob-havoning keskin o‘zgarishi, yog‘ingarchilik va kunlarning sovushi natijasida infratuzilmada bir qator nosozlik holatlari qayd etildi. Ammo qanday sharoit bo‘lishidan qat’i nazar, aholini o‘z vaqtida xabardor qilish — bizning bevosita vazifamiz”, — deydi u.

Shuningdek, Dildora Hoshimova endilikdagi o‘zining Telegram kanalida rejali uzilishlar, rejadan tashqari avariya holatlari, tiklash jarayoni, qisqa vaqt ichida berilgan choralarni rasmiy va tezkor yetkazilishini ma’lum qildi.

Bunda kanaldagi ma’lumotlar dispetcherlik xizmati va 24/7 operativ shtab bilan sinxron amalga oshiriladi. Shikoyat va murojaatlar uchun ikki tomonlama kommunikatsiya yo‘li ochiladi.

“Elektr energiyasi — bu hayotimizdagi muhim resurs, xavfsizlik, issiqlik, bolalarimiz salomatligi, tadbirkorlar, umuman barchamizning kundalik zaruriy ehtiyojimiz. Shunday ekan, aholining e’tirozi — haqli”, — dedi u.

Dildora Hoshimovaning ta’kidlashicha, energetika tizimidagi mutaxassislarning sovuq ob-havo sharoitida o‘z vazifalarini bajarishi muhim ahamiyatga ega. Biroq aholini xabardor qilish ham ish jarayonidagi muhim kommunikatsiya mas’uliyatidir. “Biz tanqidni eshitdik, xulosa chiqarib bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, — deya xulosa qildi u.

19-dekabr kuni jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘zining Telegramdagi kanalida ayrim hududlardan elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha murojaatlar ko‘payganini yozdi. Xususan, murojaatlarda Qashqadaryo, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarining ayrim tumanlarida elektr ta’minoti bir kundan ortiq vaqtga o‘chirilgani bildirilgan.

O‘tgan hafta energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistondagi elektr energiyasi uzilishlariga izoh bergandi. Buning sabablari orasida yomg‘ir paytida quyosh va shamol generatsiyasining yo‘qligi, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida rotorning nosozligi va qo‘shni davlatdagi avariya tufayli gaz tanqisligi bor.

Avvalroq O‘zbekiston Tojikistonga elektr energiyasi eksportini boshlagani haqida xabar berilgandi. Yetkazib berish hajmi kuniga 2 mln kVt/soatgachani tashkil etib, O‘zbekiston energetika tizimining imkoniyatlari kengayishi bilan ushbu hajm oshirilishi mumkin.