2025-yil O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati sezilarli o‘zgarishlar va yangiliklarga boy bo‘ldi. Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish maqsadida 120 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, yoshlar va ayol tadbirkorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 5 trln so‘m ajratilishi belgilandi.
Mamlakatda ilk bor “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkazilib, eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinishi belgilandi. Unga ko‘ra, har bir startap loyihasiga 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev yilning dastlabki yetti oyida startaplarga rekord darajada — $264 mln miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilinganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, 2025-yildan boshlab O‘zbekistonda ochiq va shaffof ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy etildi. Mazkur tizim hududlar va tovarlar kesimida sanoat xaritasini yaratish, davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek B2B va B2C formatida erkin savdo maydonchalarini tashkil etishni o‘z ichiga oladi.
Spot yil davomida tadbirkorlar faoliyatida qanday muammolar yuzaga kelgani, biznes jarayonida qanday qiyinchiliklar kuzatilgani hamda tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar haqida so‘z yuritadi.
Elektr ta’minotidagi muammolar
2025-yil ham tadbirkorlar elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga duch keldi. Spot kafe egalari to‘satdan elektr uzilishlari tufayli mahsulotlarning butun partiyalarini yo‘qotayotganini, ijodiy agentliklar xodimlarni masofadan ishlashga o‘tkazayotgani, muzlatilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari quruq muz sotib olayotgani, shuningdek, akkumulyator tizimlari va generatorlarni o‘rnatayotgani haqida yozdi. Tadbirkorlar elektr energiyasi uchun ko‘proq to‘lashga tayyor, faqat barqaror ta’minot va rejalashtirilgan uzilishlar haqida oldindan ogohlantirish sharti bilan.
Undan keyin Hududiy elektr tarmoqlari Spot’ning energiya tariflari oshishiga qaramay, elektr energiyasining tez-tez uzilishi yangi normaga aylanib borayotgani haqidagi maqolasiga munosabat bildirdi.
Uzilishlarning asosiy sababi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun tarmoqlarni yangilash bo‘yicha rejalashtirilgan ishlardir. Issiq kunlardagi avariyaviy holatlar ham elektr ta’minotida uzilishlarni keltirib chiqarayotgandi. HET yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, iste’molchilarga rejalashtirilgan o‘chirishlar haqida yaxshiroq ma’lumot berishga va’da berdi.
L’Artisan asoschisi Laziz Gulyamovning aytishicha, odamlar eng ko‘p tashrif buyuradigan paytlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatiladi. Chiroq har safar o‘chib-yonganda texnika katta bosimga uchrab, bu uskunalarning ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. “Hozircha taxminan 5% zarar ko‘rdik. Transformator va stabilizator o‘rnatishni rejalashtiryapman”, — deydi tadbirkor.
Iyul oyida IT-kompaniyalar vakillari, kontent-provayderlar va davlat xaridlari ishtirokchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Green White Solutions asoschisi Abduqahhor Toshmuhamedov xususiy va davlat korxonalari mas’uliyatini tenglashtirishni taklif qildi. U bir yil avvalgidek, elektr tarmoqlarini oldindan ogohlantirmasdan o‘chirib qo‘yganlik uchun javobgarlik joriy etish masalasini yana bir bor ko‘tardi.
Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘runov elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli tadbirkorlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini soddalashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. U elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli kuygan texnikalar masalasini xususiy tartibda ko‘rib chiqishga va’da berdi. O‘runovning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikda zararni qoplash uchun norma mavjud.
Undan keyin esa Biznes-ombudsman o‘rinbosari Spot bilan suhbatda elektr energiyasi uzilishi zarar yetkazgan bo‘lsa, tadbirkorlar yoki fuqarolar kompensatsiya olish uchun sudga murojaat qilishlari mumkinligini tushuntirdi. Bundan tashqari, ogohlantirmasdan elektr energiyasini o‘chirishni cheklash taklif etilmoqda.
Jamshid O‘runovning so‘zlariga ko‘ra, Hududiy elektr tarmoqlari kompaniyalarga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatini berish maqsadida biznesni elektr uzilishlari haqida oldindan xabardor qilishga majbur qiladigan tartib ishlab chiqilmoqda. Bu, shuningdek, zararlarni qoplash uchun sudga murojaat qilish va elektr uzilishlarining noqonuniyligini isbotlash jarayonini soddalashtiradi.
TESTO hammuassisi Nargiza Ulug‘ova ham elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha zararni qoplash mexanizmini joriy etish hamda Hududiy elektr tarmoqlari’ning javobgarligini kuchaytirishni taklif qildi.
“Barchamiz depozitlar asosida ishlaymiz, tariflar bo‘yicha to‘laymiz — bu biznes uchun kichik summa emas. Kompensatsiya mexanizmini joriy etish mumkinmi?”, — dedi Nargiza Ulug‘ova.
ChayKof qahvaxonalari tarmog‘i va Moloko qahvaxonasining boshqaruvchi hamkori Alina Simerman bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Biznes vakillarining aytishicha, bir muassasada kuniga 8−10 martagacha bo‘ladigan favqulodda elektr uzilishlari zarar ko‘rishga va uskunalarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, HET ko‘pincha tadbirkorlarni elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida ogohlantirmaydi, dispetcherlik xizmatiga esa 80% hollarda bog‘lanib bo‘lmaydi.
Qurilishdagi muammolar
Avgust oyi oxirida Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov sohada asossiz rad etishlar va korrupsiyaviy holatlar mavjudligi haqida so‘z yuritdi.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, bunday amaliyotlar qurilish kompaniyalarining xarajatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, $500 minglik uyni qurishda $20 mingdan $100 minggacha bo‘lgan miqdorda bir nechta pora berishga to‘g‘ri keladi.
U yechim sifatida asossiz rad etishlar uchun javobgarlik kiritishni taklif qildi. “Nima uchun ariza besh marta rad etildi-yu, oltinchisida ma’qullandi — axir kompaniya va hujjatlar o‘sha-o‘sha-ku?”, — deb ta’kidladi tadbirkor.
Bundan tashqari, quruvchi kadastr organlari tomonidan hujjatlarni hududiy arxitektura va qurilish boshqarmalariga yuborishda yuzaga keladigan “katta muammolar” haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘n martadan rad etilgan arizalari bor.
“Bu jarayonda Toshkentdagi har bir uyga o‘rtacha $200 ming, Toshkent viloyatida esa $100 mingga yaqin „xarajat“ to‘g‘ri keladi (bu yerda pora nazarda tutilmoqda — Spot izohi). Biz bu summalarni soliq sifatida mamnuniyat bilan to‘lashga tayyormiz. Keling, ochiq-oydin ishlaymiz. Ruxsatnoma beruvchilarga nisbatan javobgarlik choralarini joriy etish kerak. Chunki, oxir-oqibat arizalar baribir tasdiqlanadi”, — deya ta’kidladi u.
Undan keyin Qurilish vazirligi rasmiy bayonot berib, sohaga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar elektron amalga oshirilishini, qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emasligini ma’lum qildi. Shaharsozlik hujjatlari faqat my.gov.uz yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali topshiriladi va jarayonda bevosita muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi.
Keyinroq Kadastr agentligi ham holat yuzasidan izoh berib, qurilish uchun ruxsatnoma berishda kadastr idoralari ishtirok etmasligini bildirdi. Taʼkidlanishicha, ular qurilish jarayoni tugagach ko‘chmas mulkni o‘lchab, kadastr pasportini shakllantiradi.
Shuningdek, kadastr idoralari foydalanishga ruxsatnoma olingach ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi. Kadastr agentligi korrupsiyani keskin qoralab, tadbirkorlar va fuqarolarni asossiz ayblovlar bilan jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqirdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi esa qurilish sohasidagi korrupsiyaviy holatlar bo‘yicha so‘rovnoma tashkil etdi. Biroq, ushbu mavzu shu bilan tugagani yo‘q.
Sentabr oyi o‘rtalariga kelib, Qurilish vazirligi Usmonjon Abdusamatov ustidan IIVga shikoyat kiritganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, tadbirkorning fikrlari vazirlik va uning tizimidagi xodimlar shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazgan.
Vazirlik rasmiy arizasida tadbirkorga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralarini qo‘llashni so‘ragan. Biroq, idoraning ushbu harakati ijtimoiy tarmoqlar hamda kech jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, “bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor”, degan gapga Qurilish vazirligi obro‘sizlanib qolgan bo‘lsa, vaziyat haqiqatdan ham shu darajaga yetgan. Qurilayotgan uylarning hisobotdagi tannarxi va bozor narxlari o‘rtasidagi tafovut korrupsion muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.
Yuksalish harakati rahbari Bobur Bekmurodov tadbirkorning e’tirozlarini sohaga qaratilgan tanqid emas, balki mavjud muammolarga berilgan baho sifatida qabul qilish lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, bildirilgan tanqid ruxsat berish jarayonlarining shaffofligini oshirish va jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga turtki bo‘lishi kerak. Shuningdek, Yuksalish harakati rahbari Qurilish vazirligi tadbirkor bilan uchrashib, muammolar yechimi bo‘yicha takliflarni eshitishi maqsadga muvofiq ekanini bildirdi.
Ko‘p o‘tmay, Biznes-ombudsman holat nazoratga olinganini ma’lum qilib, tadbirkor tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi. Holat tadbirkorga nisbatan ta’qib sifatida baholandi.
“Agar tadbirkor soha rivoji yo‘lida fikr bildirsa, bu holat tanqid va jazoga sabab bo‘lmasligi lozim. Aksincha, bunday fikrlar muammolarni hal etish uchun imkoniyat sifatida qabul qilinishi zarur”, — qayd etiladi xabarda.
Biznes-ombudsman tadbirkorlarning huquqlari qonun bilan kafolatlanganini eslatib, ularning huquqlari buzilishi hamda faoliyatiga asossiz to‘sqinliklar kuzatilsa, murojaat qilishlari mumkinligini bildirdi.
Soliq tizimidagi muammolar
Yil boshida Human House galereyasi egasi Lola Sayfi o‘sha vaqtdagi prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaga kreativ sanoat uchun soliq rejimini qayta ko‘rib chiqish iltimosi bilan murojaat qildi.
U galereya faoliyati asosan o‘z mablag‘lari hisobidan yuritilayotganini, 2024-yilda aylanma 1 mlrd so‘mdan oshganini, biroq QQSga o‘tish soliq yukini keskin oshirib, biznesni yopish xavfini tug‘dirayotganini bildirdi. Tadbirkor kreativ soha uchun yanada yengil va shafqatli soliq rejimini joriy etishni, xususan, aylanmadan olinadigan 4% soliqni saqlab qolishni taklif qildi.
“Aks holda, 12% QQS, 15% foyda solig‘i hamda buxgalter maoshini to‘lash zarurati (hozir ham ular kam emas) meni biznes sifatida galereyani yopish zarurati oldiga olib kelmoqda”, — dedi Lola Sayfi.
Tadbirkor yoz oylarida Spot bilan suhbatda QQSga o‘tish masalasi bo‘yicha yozgan ochiq murojaati natija bermaganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, kreativ soha an’anaviy biznesdan farq qiladi, biroq amaldagi soliq tizimi bu xususiyatni inobatga olmayapti.
Lola Sayfining fikricha, 12% QQS va 15% daromad solig‘i ijodiy biznes uchun amalda aylanmadan 25% soliq yukini anglatadi, holbuki real foyda 10−15%dan oshmaydi. Murojaatdan keyin tizimli yechim taklif etilmagan, aksincha, unga qarshi sud ishi ochilib, jarimalar va tekshiruvlar boshlangan. Tadbirkorning aytishicha, muammo hanuzgacha hal etilmagan.
Bundan tashqari, iyul oyida BMB Holding kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov qishloq xo‘jaligida asosiy muammo 12%lik QQS ekanini aytib, uni 2−3 yilga 1% gacha kamaytirishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, fermerlar bilan hisob-kitobda hujjatlashtirish muammolari mavjud bo‘lib, ayrim mahsulotlar yetishtirish zarar keltirmoqda.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov fermerlar QQSni hisobga ololmagani sabab butun aylanmadan 12% soliq to‘lashga majbur bo‘layotganini bildirdi. O‘sha vaqtdagi Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev esa bu taklifga qarshi chiqib, muammo soliq yukida emas, balki hisobga olish mexanizmlarida ekanini ta’kidladi hamda masalani o‘rganish uchun ishchi guruh tuzishni taklif etdi.
Sentabr oyida 2026-yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotishda QQS nol stavkada qo‘llanishi ma’lum qilindi. Bundan g‘alla va paxta mustasno.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQS bekor qilinishi 48 mingdan ortiq fermerga ta’sir qilib, ularning rentabelligi 15% gacha oshishini ma’lum qildi. Davron Vahobov paxta va g‘alla klaster tizimi sabab istisno qilinganini, boshqa mahsulotlarda esa QQS mexanizmi tadbirkorlar uchun muammo bo‘lib kelganini ta’kidladi.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov esa QQS stavkalarini ishlab chiqaruvchilar emas, balki butun ishlab chiqarish zanjiri bo‘yicha tovar va xizmat turlariga nisbatan tabaqalashtirish zarurligini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, fermer va dehqonlar mahsulotlarining sotish narxi o‘zgarmasa, narxlar oshishi mumkin. Biroq endi chakana sotuvchilar va restoranlar to‘langan QQSni hisobga ololmaydi, bu esa ularni o‘z mahsulotlari narxini oshirishga majbur qiladi.
Aviatsiya sohasidagi muammolar
Centrum Air bosh direktori Husayn Sherif Spot’ga aviatsiya sohasidagi muammolar haqida gapirib berdi. Uning fikricha, sohada ikkita asosiy to‘siqlar bor: yer usti xizmati va keytering.
Xizmat ko‘rsatish sohasida mavjud monopoliyalar bozor o‘sishi ortidan ulgurmayapti. Agar ular faol investitsiya kiritmaydigan bo‘lsa, monopol model oqibatlariga duch kelinadi. Bu esa bir qator muammolarni keltirib chiqaradi.
Shuning uchun bir nechta xizmat yetkazib beruvilar paydo bo‘lishi o‘ta muhim — ham yer usti xizmati, ham keytering va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham. Bu barcha yo‘lovchilar uchun xizmatlar sifatini oshiradi.
Bundan tashqari, transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev VIP mehmonlar qabul qilinganda mavjud Toshkent xalqaro aeroporti to‘liq quvvatda ishlay olmasligi haqida gapirgandi.
Uning fikricha, yuqori martabali mehmonlar kelganda, hozirda aeroport yarim soatda, ayrim hollarda bir soatda yarim quvvatda ishlaydi. Bu esa qat’iy jadval asosida parvoz qiladigan ayrim aviakompaniyalarga bevosita qandaydir noqulayliklarni tug‘diradi. Ular jadvaldan chiqib ketsa, bu, albatta, keyingi rejalashtirishga ta’sir qiladi.
O‘zbekistondagi biznes-aviatsiya salohiyati haqida gapirar ekan, Choriyev Toshkent-Humo (Toshkent-Sharqiy) aeroporti ishga tushishi bilan bu yo‘nalish yanada o‘sishini ta’kidladi.
Sentabr oyi boshida Toshkent-Sharqiy aeroporti biznes aviatsiyasi uchun ochildi. Aeroportda qurilish ishlari yakunlanib, unda uchish-qo‘nish yo‘lagi, uchta harakatlanish yo‘lagi, VIP va CIP terminallari, perron va angarlar barpo etildi.
Peshlavhalar va yozgi terrasa muammosi
So‘nggi paytlarda Toshkentda tashqi reklama bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda, nazorat tadbirlari doirasida tadbirkorlarga savdo nuqtalari va umumiy ovqatlanish joylaridagi peshlavhalarni ixtiyoriy ravishda olib tashlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmoqda. Shuningdek, poytaxtda avtomobillardagi tashqi reklamalarni tekshirish ishlari faol olib borilmoqda.
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentining “Tashqi reklama” loyiha ofisi rahbari Shahriyor Shoazizovning aytishicha, tashqi reklama bozorini tartibga soluvchi asosiy hujjatlar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-fevraldagi (VMQ-104) va 2023-yil 31-avgustdagi (VMQ-428) qarorlari hisoblanadi. Mazkur hujjatlar asosida poytaxt hokimiyati besh yil oldin reydlar o‘tkazishni boshlagan.
Butun shahar bo‘ylab 2 mingdan ortiq peshlavhalar olib tashlangan. Birgina Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasidagi binolar mulkdorlari ixtiyoriy ravishda 200 ta peshlavhani olib tashladi.
Bundan tashqari, yozning issiq kunlarida yozgi trassa masalasi ham dolzarb bo‘lib qoldi. Maurice kafesi va Jumanji restorani vakillari ta’kidlashicha, joriy yilning fevral oyi boshida muassasalardan birining yopiq yozgi terrasasi noqonuniy qurilish sifatida baholanib, buzib tashlangan. Ular bir necha bor murojaat qilganiga qaramay, hokimlik ham, Kadastr agentligi ham zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va yozgi ayvonni qonuniylashtirishda yordam ko‘rsatmagan.
ChayKof qahvaxonalar tarmog‘i va Moloko qahvaxonasining boshqaruvchi hamkori Alina Simermanning ta’kidlashicha, umumiy ovqatlanish korxonalari vakillarida yozgi terrasalarni rasmiylashtirish uchun qonuniy asos mavjud emas.
TESTO hammuassisi Nargiza Ulug‘ova Alina Simermanning tutash hududlarda ishlashga ruxsat beruvchi reglament yo‘qligi haqidagi so‘zlarini qo‘llab-quvvatlab, bu muammo yillar davomida kuzatilib kelinayotganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, TESTO ba’zan investitsiya qilish uchun bo‘sh mablag‘lar mavjudligi bilan qiziqmasdan va ruxsat beruvchi hujjatlarni bermasdan poydevorli yengil konstruksiyalarni qurishga majburlangan.
Nargiza Ulug‘ova bunga Taras Shevchenko ko‘chasidagi gastronomik ko‘chani misol keltirdi, u yerda ham umumiy ovqatlanish muassasalarida yozgi terrasalarni o‘rnatishga ruxsat yo‘q.
Savdo-sanoat palatasi raisi esa Davron Vahabov yozgi terrasalar taklifi kun tartibiga kiritilishiga ishontirdi. Biroq u noqonuniy qo‘shimcha qurilmalarni qonuniylashtirishga qarshi chiqib, barcha umumiy ovqatlanish muassasalari uchun yagona konsepsiya ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.





