22-dekabr kuni avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari belgilangan vaqtlarda odatdagi rejimda ishlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, 22-dekabr kuni soat 10:00 dan 16:00 ga qadar Respublika bo‘yicha barcha metan “zapravkalar” odatdagi rejimda faoliyat yuritadi.
11-dekabr kuni Energetika vazirligi metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilishini xabar qilgandi. Bunga qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta‘minlash mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avariya oqibatida O‘zbekistonda 6 mln kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelganini ma’lum qildi. Vaziyatni bartaraf etish uchun qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda ishlar tashkil etilgan.
Undan keyin, hududlarda faoliyati cheklangan metan “zapravka"lar ish vaqti maʼlum qilindi. AGTKSHlar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bois ko‘plab hududlardagi “zapravka"larda ish grafiklari o‘zgardi.
Avvalroq gazlashtirilmagan uylar uchun elektr energiyasi tariflari 50% ga pasaytirilishi haqida xabar berilgandi.
