Janubiy Koreya Ilm-fan va axborot texnologiyalari vazirligi yangi telefon raqamini ro‘yxatdan o‘tkazishda biometrik tekshiruvni majburiy qildi.
Qayd etilishicha, mamlakat ichidagi telefon firibgarligiga qarshi kurashish maqsadida ushbu choralar qo‘llanildi.
LG Uplus, SK Telecom va KT kabi mahalliy aloqa operatorlari, shuningdek virtual operatorlar SIM-kartalarni sotib olishda mijozlarni yuzni tanib olish tizimi (Face ID) orqali tekshirishga majbur bo‘ladi. Bunda pasportni ko‘rsatish ham talab etiladi.
Yangi chora-tadbirlar 2025-yil 22-dekabrdan boshlab sinovdan o‘tkaziladi va 2026-yil mart oyida rasman joriy etiladi.
Politsiya hisobotlariga ko‘ra, mamlakatda telefon va SMS firibgarlaridan ko‘rilgan umumiy zarar 2025-yilda 1,13 trln vonga ($760 mln) yetgani ma’lum bo‘ldi.
2025-yil mart oyida Janubiy Koreya Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi pasportga tenglashtirilgan raqamli IDni joriy etishni yakunladi.
Buning uchun biometriya bo‘yicha verifikatsiyadan ham foydalaniladi. Mamlakat banklari allaqachon raqamli guvohnomani qabul qilmoqda.
Avvalroq Rossiyada xorijiy sayyohlarga SIM-karta berish tartibini yengillashtirish taklif etilgani haqida xabar berilgandi.
Hozirda mazkur jarayonda bankka tashrif buyurish, Davlat xizmatlarida ro‘yxatdan o‘tish va shaxsiy sug‘urta raqami olish kerak. Bu esa sayyohlar uchun noqulay ekanligi qayd etilmoqda.
