Soliq to‘lovchilar uchun 22-dekabrdan elektron hisobvaraq-fakturalar xavf darajasini baholash axborot tizimi test rejimida ishga tushirildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Elektron hisobvaraq-fakturalar real vaqt rejimida baholanadi. Jo‘natuvchilar va oluvchilar shaxsiy kabinetda indikator bo‘yicha berilgan tavakkalchilik darajasini ko‘rishlari mumkin: qizil — yuqori xavfga ega EHF uchun, yashil — past xavfga ega EHF uchun.

2026-yilgacha xavf darajasi yuqori bo‘lganda hech qanday ta‘sir choralari qo‘llanilmaydi. Soliq qo‘mitasi tizim faoliyatini o‘rganib, zarur hollarda uni takomillashtirib boradi.

Avtomatlashtirilgan xavf-xatar tahlili soliq ma‘muriyatchiligini yana-da shaffof qilish va inson omili ta‘sirini kamaytirishga qaratilgan. Soliq uzilishi (tax gap) ko‘rsatkichidan farqli o‘laroq, tizim faqat ikki korxona o‘rtasidagi aniq tranzaksiyani tahlil qiladi.

Xavf yuqori bo‘lgan taqdirda EHF bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinmaydi. Bunda cheklov sotuvchi yoki xaridor tomonidan budjetga QQS to‘liq to‘langanda olib tashlanadi.

Soliq qo‘mitasining sobiq raisi Sherzod Kudbiyev qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashuvda EHF uchun avtomatlashtirilgan risk-tahlil ishga tushirilganini ma‘lum qilgandi. Hisobga olinmagan aylanma muammosini hal qilishga qaratilgan loyiha qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan muhokama qilindi.

Test sinovlarining birinchi bosqichida oyiga 350 mingta (umumiy sonning 10%i) hisobvaraq-fakturalar tanlab olingan holda tahlil qilindi. Tizim fermerlar uchun ham, boshqa sohalar uchun ham amal qiladi, degan edi Kudbiyev.

Prezidentning 4-sentabrdagi farmoni bilan 2026-yildan elektron hisobvaraq-fakturalar uchun xavfni avtomatik baholash tizimi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Barcha EHFlar yaratish bosqichidayoq xavf darajasiga qarab qizil yoki yashil belgi qo‘yilgan holda tahlil qilinadi.

Yetkazib beruvchining maqomi xaridorga ko‘rsatiladi, bu esa kontragentni tanlashda bitimning ehtimoliy soliq oqibatlarini oldindan baholash imkonini beradi. Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, yangi yondashuv yashirin operatsiyalar, “bir kunlik” firmalar, soxta bitimlar va QQSni hisobga olish uchun hujjatlarni qalbakilashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan.

EHFning xavf darajasini baholash 48 ta mezon asosida amalga oshiriladi. Soliq qo‘mitasi bu mezonlar ro‘yxatini chetlab o‘tish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun xalqaro ekspertlar tavsiyasiga ko‘ra oshkor qilmaydi. Tizim doirasida 71 ta vazirlik va davlat idoralari maʼlumotlari birlashtirilgan.

QQS boshqaruvi departamenti direktori o‘rinbosari Hikmatilla Qodirov EHF xavfini baholashning uchta asosiy mezonini sanab o‘tdi:

  • soliqlarni to‘lash tarixi;
  • taʼsischilar tomonidan soliq majburiyatlarining bajarilishi;
  • sotilgan mahsulot bo‘yicha daromad manbaining mavjudligi.

EHF qizil maqomdan chiqishi uchun sotuvchi yoki xaridor QQS summasini to‘liq to‘lashi lozim. Shundan so‘ng hisob-faktura yashil maqomga o‘tadi.

Avvalroq 1-iyuldan savdo va xizmat ko‘rsatishda yagona QR-kodli to‘lov majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi.