23-dekabr kuni avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari belgilangan vaqtlarda odatdagi rejimda ishlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun soat 10:00 dan 16:00 ga qadar mamlakat bo‘yicha barcha metan “zapravka"lar odatdagi rejimda faoliyat yuritadi. Farg‘ona vodiysida metan “zapravka"larning ish vaqti hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Vazirlik buni gaz bosimi pasaygan vaqtlarda vazirlik va hokimliklar tomonidan birinchi navbatda aholi, jamoat transportlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash hisobga olinishi bilan izohladi. “Jamoat transportining barqaror ishlashi, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar hamda aholi ehtiyojlarini qondirish ustuvor vazifa hisoblanadi”, — deyiladi xabarda.

Shundan kelib chiqib, gaz ta’minotidagi umumiy holat, bosim darajasi va iste’mol hajmidan kelib chiqqan holda metan “zapravka"larning ish rejimi mahalliy hokimliklar bilan kelishiladi. Bu chora gaz resurslaridan oqilona foydalanish va barcha sohalarda barqaror ta’minotni ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.

22-dekabr kuni mamlakat bo‘yicha barcha metan “zapravkalar” soat 10:00 dan 16:00 ga qadar odatdagi rejimda ishladi.

11-dekabr kuni Energetika vazirligi metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilishini xabar qilgandi. Bunga qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta‘minlash mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avariya oqibatida O‘zbekistonda 6 mln kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelganini ma’lum qildi. Vaziyatni bartaraf etish uchun qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda ishlar tashkil etilgan.

Undan keyin, hududlarda faoliyati cheklangan metan “zapravka"lar ish vaqti maʼlum qilindi. AGTKSHlar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bois ko‘plab hududlardagi “zapravka"larda ish grafiklari o‘zgardi.

Avvalroq gazlashtirilmagan uylar uchun elektr energiyasi tariflari 50% ga pasaytirilishi haqida xabar berilgandi.