Avvalroq prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat kuchaytirilishini taʼkidladi.

“Korrupsiya — davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir! Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda „favqulodda holat“ e‘lon qilamiz”, — dedi prezident.

Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas‘ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu rahbarlar — tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, budjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suiiste‘mol qilish holatlarini oldini olish bo‘yicha ta‘sirchan nazorat o‘rnatadi va prezident oldida hisobot beradi.

“Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng! Xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir so‘z bilan aytganda, birorta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi", — dedi davlat rahbari.

Qo‘shimcha qilinishicha, komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar korrupsiyaga sherik deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi.


Avvalroq O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi qanday choralar belgilanayotgani haqida xabar berilgandi.