Toshkent shahridagi yo‘l bo‘yi pulli to‘xtash joylari uchun rezidentlik ruxsatnomalarining qiymati belgilandi. Bu bo‘yicha 25-dekabr kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov tegishli qarorni imzoladi.

Hujjat hokimning 2024-yilning oktabr oyida qabul qilingan pulli to‘xtab turish joylari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritishni nazarda tutadi.

Rezidentlik ruxsatnomalari pulli to‘xtash joylari mavjud yoki ko‘chalar bilan chegaradosh bo‘lgan mahallalardagi avtomobil egalari va uy-joy mulkdorlariga taqdim etiladi. Uning egasi avtomobilini mahalla hududida yoki unga tutash ko‘chada qoldirishi mumkin bo‘ladi.

Kunduzi (soat 8:00 dan 20:00 gacha) to‘xtash joyi uchun rezidentlik ruxsatnomasi narxi yiliga BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) ni tashkil etadi. Tungi vaqtda (20:00 dan 8:00 gacha) avtoturargoh bepul bo‘ladi.

Kelishuvlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus elektron reyestrda saqlanadi. Rezident avtoturargoh guvohnomasi rezidentdan tashqari, doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarga ham amal qiladi.

Uni rasmiylashtirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza berish mumkin bo‘ladi. Ruxsatnoma rasmiylashtirilgandan keyin bir yil davomida amal qiladi.

Har bir turar joy uchun eng ko‘pi bilan ikkita rezident avtoturargoh ruxsatnomasi reyestrga kiritilishi mumkin. Yangi tartib-qoidalar 2026-yilning 1-fevralidan kuchga kiradi.

Joriy yilning 8-may kuni Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon kabi 6 ta sinov ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda, 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli avtoturargohlar joriy etilishi, iyul oyi oxirigacha esa 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar 86 ta ko‘chada ishga tushishi belgilangandi.

Sentabr oyida pulli “parkovka"lar uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etilishi ma’lum bo‘ldi. Ruxsatnoma qanday olinishi va boshqa talablar haqida noyabr oyida ma’lum qilinishi kerak edi.

Bundan tashqari, yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar narxi haydovchilar orasida noroziliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi. Avtoturargohlar bo‘lishiga qaramay, avtomobil egalari mashinalarini belgilanmagan joylarga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda. Ularning aksariyati narxlarni yuqori hisoblaydi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Toshkentdagi pulli parkovkalar bo‘yicha o‘rganish boshlagani haqida xabar berilgandi. Qo‘mita, shuningdek, 11 ta tovar bozorida 66 ta korxonani “ustun muzokara kuchi"ga ega deb topdi.