Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda soliq xodimlari aholi va tadbirkorlarni Paynet Xolis mobil ilovasidan foydalanishga majburlayotgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Soliq qo‘mitasi matbuot kotibi To‘rabek To‘rayev holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qo‘mita ilova yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslarning shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish uchun ishlab chiqilganini qayd etdi.

Hozirda soliq idoralari tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida boshqa to‘lov tashkilotlari bilan yangi ilovalar ustida izlanishlar olib bormoqda. Bu YTTlar va o‘zini-o‘zi band qilganlarning ixtiyoriy ravishda rasmiy sektorda ishlashini rag‘batlantirishga qaratilgan. Idora ovzgarishlar haqida soliq to‘lovchilar o‘z vaqtida xabardor qilinishini bildirdi.

Bundan tashqari, prezidentning joriy yil avgust oyidagi (PQ-247-son) qarori bilan raqamli platformalar soliq organlari axborot tizimlariga to‘liq integratsiya qilingan bo‘lishi va ularni yaratgan to‘lov tashkilotlari maxsus soliq rejimlari foydalanuvchilari hamda IT Park rezidentlari hisoblanmasligi kerak.

“Aynan Paynet IT Park rezidenti hisoblanmaydi. Rezident to‘lov tashkilotlari esa YTT va o‘zini-o‘zi band qilganlarga maxsus soliq rejimi doirasida xizmat ko‘rsata olmaydi. Shu bois soliq idoralari Paynet Xolis mobil ilovasini ixtiyoriy yuklab olishni tavsiya qilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita soliq xodimlari tomonidan ilovani majburiy tarzda yuklab olish targ‘ib qilinayotgan bo‘lsa, 1198 qisqa raqamiga yoki hududlardagi soliq idoralariga murojaat qilish mumkinligini eslatdi.

Nima bo‘lgandi?

28-dekabr kuni jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘zining Telegramdagi kanalida Paynet ilovasidagi Xolis xizmati bo‘yicha murojaatlar kelib tushayotganini e’lon qildi. Xususan, ularda Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari, Toshkent shahari hamda Qoraqalpog‘istonda soliq xodimlari, hokim yordamchilari aholi va tadbirkorlarni ilovadan ro‘yxatdan o‘tishga majburlayotgani aytilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning Xolis xizmatidan foydalanishga “ixtiyoriy-majburiy” jalb qilinishi bo‘yicha tanqidiy fikr bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, 2025-yil 1-noyabrdan joriy etilib, 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan maxsus huquqiy rejimda bu tartib bilan faqat Paynet shug‘ullanishi nazarda tutilmagan. Bakirovning fikricha, ushbu rejim doirasida Payme, Click, TBC, Uzum yoki boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ham o‘z xizmatlarini taklif qilishi mumkin edi.

“Boshqacha aytganda, ushbu rejim doirasida Payme, Click, TBC, Uzum, qo‘yingki, istalgan bank yoki to‘lov tashkiloti (hamyon orqali) o‘z xizmatlarini taklif etishini kutgandim. Lekin amalda Paynet’dan boshqa bironta bank yoki to‘lov tashkiloti negadir bu ishga qo‘l urmadi (yoki eng yomon kutilmalarda aytilganidek yaqinlashtirilmadi). Natijada, yo‘q joydan navbatdagi yasama monopolistni qabul qilib olmoqdamiz va eng xunugi, joylarda bu bo‘lajak monopolist uchun butun mahalliy byurokratiya xizmat qilmoqda”, — deb yozdi u o‘z Telegram-kanalida.

Iqtisodchi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar o‘zlari istagan bank yoki to‘lov tashkiloti xizmatini tanlash huquqiga ega bo‘lishi kerakligini, majburlov emas, tanlov bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Otabek Bakirov Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi hamda Savdo-sanoat palatasi ushbu holat yuzasidan izoh berib, nega millionlab YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar aynan Paynet Xolis’dan foydalanishga majbur bo‘layotganini tushuntirishi zarurligini bildirdi.

Avvalroq soliq to‘lovchilar uchun EHF xavf darajasini baholash tizimi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. Biznes hisobvaraq-fakturani yaratishda uning qizil yoki yashil toifaga kirishini bilib oladi. Tizim sinov rejimida ishlayapti.