Raqobat qo‘mitasi Toshkent shahridagi pulli “parkovla"larni Poytaxt Parking brendi ostida boshqaruvchi Streetpark Systems kompaniyasini ustun muzokara kuchiga ega deb topdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya 22-dekabrdan boshlab umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridagi pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega hisoblanadi.

“Raqobat to‘g‘risidagi” qonunning 18-moddasiga ko‘ra, ustun muzokara kuchiga ega deb eʼtirof etilgan xo‘jalik yurituvchilarning raqobatni cheklashga, iste’molchilar va boshqa xo‘jalik yurituvchilarning huquq va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari taqiqlanadi. Jumladan:

  • taqchillik keltirib chiqarish yoki narxlarni sun’iy oshirish maqsadida tovar muomalasini qisqartirish;
  • iste’molchilarning yetarli miqdor va sifatdagi tovar olish huquqlarini cheklash;
  • shartnomaga aloqador bo‘lmagan majburiyatlarni majburan yuklash;
  • tovarni sotish yoki sotib olishda kamsituvchi shartlarni belgilash;
  • shartnoma tuzishni boshqa tovarni olish yoki raqobatchilar bilan ishlamaslik sharti bilan bog‘lash;
  • imkon bo‘la turib, shartnoma tuzishni asossiz rad etish;
  • bozorga kirishga to‘siqlar yaratish;
  • davlat tartibga soladigan narxlarni buzish yoki asossiz haq undirish;
  • raqobatchilar tovarlarini sotish yoki sotib olishni cheklash.

Streetpark Systems 2024-yilning dekabr oyi o‘rtalarida poytaxtda pulli “parkovka"larni tashkil etish huquqi uchun o‘tkazilgan takroriy savdolarda g‘olib bo‘lgan. Kompaniya auksionning ikkinchi bosqichida “parkovka” maydonlarini 3 yilga ijaraga olish uchun 62,93 mlrd so‘m taklif etdi.

Shuningdek, u pulli “parkovka” platformasini yaratish bo‘yicha tenderda ham g‘olib chiqdi. Mart oyida Streetpark Systems mobil ilova yaratish ustida ish olib borayotgani ma’lum bo‘ldi.

Joriy yilning 8-may kuni Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon kabi 6 ta sinov ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda, 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli avtoturargohlar joriy etilishi, iyul oyi oxirigacha esa 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar 86 ta ko‘chada ishga tushishi belgilangandi.

Sentabr oyida pulli “parkovka"lar uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etilishi ma’lum bo‘ldi. Ruxsatnoma qanday olinishi va boshqa talablar haqida noyabr oyida ma’lum qilinishi kerak edi.

Bundan tashqari, yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar narxi haydovchilar orasida noroziliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi. Avtoturargohlar bo‘lishiga qaramay, avtomobil egalari mashinalarini belgilanmagan joylarga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda. Ularning aksariyati narxlarni yuqori hisoblaydi.

Noyabr oyida Raqobat qo‘mitasi Toshkentdagi pulli parkovkalar bo‘yicha o‘rganish boshlagani haqida xabar berilgandi. Qo‘mita, shuningdek, 11 ta tovar bozorida 66 ta korxonani “ustun muzokara kuchi"ga ega deb topdi.


Avvalroq Toshkentdagi pulli parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomalarining narxi belgilangandi.