Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududidagi yer osti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘lagini barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qurilish maydoni 40 ming kvadrat metrdan iborat bo‘lgan yer osti avtoturargoh qiymati $100 mlnni tashkil etadi.
Unda birinchi bosqichda 200 ta yengil avtomobil hamda 30 ta mototsikl va skuterlarni joylashtirish imkoniyati bo‘ladi. To‘rt tomonlama qulay va xavfsiz harakatlanish uchun piyodalar yo‘lagi quriladi.



Shuningdek, avtomatlashtirilgan parkovka tizimlari, velosipedlar ijarasi nuqtalari, elektromobillarni zaryadlash stansiyalari barpo etiladi. Avtoturargohni 2026-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Prezident bu kabi zamonaviy avtoturargohlarni ko‘paytirish, ular aholi uchun maksimal darajada qulay bo‘lishini ta‘minlash, kelgusida elektromobillar ulushi ortishini hisobga olib, ularni quvvatlash infratuzilmasini yana-da rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Yangi Toshkentda yer osti avtoturargohi
2024-yilning oktabrida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasining Arxitektura-shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarov Spot bilan suhbatda bu yerda avtomobillar harakatlanishi uchun yer osti yo‘llari, tunellar, yo‘l tugunlari yaratilishini aytgandi. Direksiya bosh mutaxassisi Umidjon Fayziyev esa jamoat transportlari yer ostida, yengil avtomobillar esa yer ustida harakatlanishini qayd etdi. 90% jamoat va turar joy binolarining avtoturargohlari yer ostida bo‘ladi.
Dekabrda prezident Yangi Toshkentdagi transport infratuzilmasi va muhandislik tarmoqlari qurilishi bilan tanishdi. Bu yerda 14ta tunnel, 100 ming avtomobilga mo‘ljallangan yer osti turargohlari qurilishi aytilgandi.
Joriy yil boshida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktorining birinchi o‘rinbosari Bahrom Rizayev hududda 3ta yerosti avtoturargohi qurilishini ma’lum qilgandi. O‘shanda 6 metr chuqurlikdagi har bir yerosti avtoturargohining umumiy maydoni 25 ming kv.metrni tashkil etishi bildirilgandi.
Shahar qurilishiga 2023-yilda tamal toshi qo‘yilgan, 2024-yilning aprel oyida esa qurilishga start berilgandi. Loyiha uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19,7 ming gektar yer ajratilgan. Loyiha konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda inshootlar qurilib, 600 ming aholi uchun sharoitlar yaratiladi. Loyiha to‘liq yakunlanganida 2 mln nafar odam yashaydigan makonga aylanadi. Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi. Bugungi kunda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar shu yerdagi vaqtincha tashkil etilgan obyektlarda faoliyat boshlagan.
Oktabr oyida Spot Yangi Toshkentning yer osti avtoturargohi qanday bo‘lishi haqida yozgandi. Avtoturargoh 512 ta mashinani sig‘dirishi, unda 20 ta “avtomoyka”, 160 ta zaryad stansiyasi, 88 ta velosipedlar joyi bo‘lishi aytilgandi. Shuningdek, 24 ta to‘xtash joyi nogironligi bo‘lganlar uchun alohida ajratilishi belgilangan.
Avvalroq Toshkent davlat yuridik universiteti Yangi Toshkentga ko‘chirilishi aytilgandi.



