UzAuto Motors yangi Chevrolet Damas Max va Move modellarini bozorga chiqarmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Damas Max yuk tashishga va Damas Move esa yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, har ikkala model ham tadbirkorlar va oilaviy mijozlar talablari asosida yaratilgan.

Yangi Chevrolet Damas Move xaridorlar talabi bilan taqdim etildi hamda u qulaylik, sig‘imdorlik, xavfsizlik va funksionallik bo‘yicha zamonaviy talablarga javob beradi. Yetti nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan avtomobil oilaviy sayohatlar uchun ham, tadbirkorlik faoliyati uchun ham qulay.

Avtomobil keng salonga ega hamda xaridorlarga ikki xil atmosferali dvigatel taklif etiladi: 1,2 litrli, 81 ot kuchiga ega dvigatel 5 pog‘onali hamda 1,5 litrli, 103 ot kuchiga ega dvigatel esa 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

Chevrolet Damas Max 650 kg gacha yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lib, yukxonasida 3 m³ dan ortiq foydali joy taklif etadi. Bu esa biznes uchun eng maqbul yechim hisoblanadi.

Bazaviy komplektatsiya barcha zarur jihozlarni o‘z ichiga oladi: haydovchi va old yo‘lovchi uchun xavfsizlik yostiqchalari, elektron barqarorlashtirish tizimiga ega ABS + EBD, markaziy qulflash tizimi, masofadan boshqariladigan kalit.

Iqlim qulayligi esa Move komplektatsiyasida ikki zonali konditsioner, Max komplektatsiyasida esa bir zonali konditsioner orqali ta’minlanadi. Har ikkala komplektatsiya ham og‘irlikka qarshi tizim va signalizatsiya bilan jihozlangan.

Texnik yechimlar avtomobilning ishonchliligi va texnik xizmat ko‘rsatishdagi soddaligini ta’minlashga qaratilgan: old osma mustaqil, “Makferson” turida, orqa osma esa ressorali. Old tormozlar diskli, orqa tormozlar esa barabanli. Rul boshqaruvi elektron kuchaytirgich bilan jihozlangan.

Interer amaliy uslubda ishlangan: o‘rindiqlarni to‘rt yo‘nalishda sozlash imkoniyatiga ega, mato qoplamali salon bilan jihozlangan, stakan qo‘yish joylari mavjud, shuningdek ikki dona dinamik o‘rnatilgan.

Yangi Chevrolet Damas o‘zidan oldingi modeliga nisbatan sezilarli darajada yaxshilangan xususiyatlarga ega:

  • dvigatel quvvati 81 ot kuchi va 103 ot kuchini tashkil etadi (+43 ot kuchi va +65 ot kuchi);
  • yuk ko‘tarish quvvati 650 kg (+250 kg);
  • yuk tashish versiyasida yuk bo‘limi hajmi 3050 l (+850 l);
  • g‘ildirak bazasi 2850 mm (+1010 mm);
  • uzunligi 4425 mm (+930 mm);
  • kengligi 1670 mm (+270 mm).

Yo‘lovchi tashish versiyasida qo‘shimcha ravishda uchinchi o‘rindiqlar qatoridan keyin joylashgan, hajmi 496 litr bo‘lgan bagaj bo‘limi mavjud.

Kompaniya yangi Chevrolet Damas modellari bilan birga, avvalgi versiyasi ishlab chiqarilishi davom ettirilishini va u Chevrolet’ning barcha dilerlik markazlarida avvalgidek sotuvda bo‘lishini qayd etdi.

Tavsiya etilgan chakana narxlar va mavjud komplektatsiyalar:

  • DAMAS MAX VAN 1.2 LV0 — 134 439 000 so‘m;
  • DAMAS MAX VAN 1.5 LV0 — 142 471 000 so‘m;
  • DAMAS MOVE PAS 1.2 LV0 — 139 675 000 so‘m;
  • DAMAS MOVE PAS 1.2 LV1 — 144 563 000 so‘m;
  • DAMAS MOVE PAS 1.5 LV0 — 149 011 000 so‘m;
  • DAMAS MOVE PAS 1.5 LV1 — 154 128 000 so‘m.

Sotuvlar boshlanishining aniq sanasi qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.

May oyi boshida Shavkat Mirziyoyev UzAuto Motors Xorazmdagi Damas ishlab chiqarish zavodida arzon minivenlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi. 2026-yilda yirik uzelli yig‘ishni (SKD) boshlash, 2027-yildan esa ishlab chiqarishning to‘liq sikliga o‘tish rejalashtirilgan. Loyiha qiiymati $100 mlnni tashkil etib, uning doirasida Yevro-5 ekologik standartiga javob beruvchi 7 o‘ringa mo‘ljallangan avtomobil ishlab chiqariladi.

Undan keyin UzAuto Motors yangi model iste’molchining xohish-istaklarini hisobga olgan holda tanlanishini bildirdi. Avtomobillarning potensial modellari o‘rganilib, bunda texnik xususiyatlarining mahalliy ekspluatatsiya sharoitlariga mosligi, shuningdek, ishonchliligi va qulayligiga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchi Damas va Labo ishlab chiqarishni to‘xtatishni ko‘rib chiqmayapti.