Soliq qo‘mitasi o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari 2026-yildan boshlab soliqlarni qanday to‘lashi bo‘yicha tushuntirish berdi.
Avgust oyida qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, taksi haydovchilari aylanmadan olinadigan soliqni pasaytirilgan stavkada — 1% miqdorida to‘laydi. Masalan, haydovchi bir oyda 2 mln so‘m daromad topsa, 20 ming so‘m soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.
Agar haydovchi onlayn-agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirsa, soliqni ushlab qolish taksi agregatorlari tomonidan haydovchilarga daromadlarni o‘tkazish vaqtida avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Bunda agregator soliqni faqat o‘z platformasi orqali olingan daromadlardan ushlab qoladi. Xizmatdan tashqarida shakllangan daromadlar uchun mustaqil ravishda soliq to‘lash kerak bo‘ladi.
Shuningdek, qarorda 1-yanvardan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun maxsus QR-kodga ega bo‘lish majburiy talab sifatida joriy etilishi belgilangan.
Ushbu talab soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan elektron platformalarga ega agregatorlar orqali yo‘lovchilarni tashish va buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ya’ni, soliq tizimlariga ulangan rasmiy agregatorlar orqali faoliyat yurituvchi taksi haydovchilari va kuryerlarga alohida QR-kod o‘rnatish shart emas.
Shavkat Mirziyoyev avgust oyida YTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini tasdiqlagandi. Xususan, 2030-yil oxirigacha shaffof biznes muhitini yaratishga qaratilgan maxsus huquqiy rejim joriy etilishi rejalashtirilgan.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlar integratsiyalashgan raqamli platformada birlashtiriladi. U orqali bankda hisob raqam ochish, soliq to‘lash, to‘lovlarni amalga oshirish va fiskal cheklarni shakllantirish mumkin bo‘ladi.
Platforma orqali YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni olish, kontragentlar, xodimlar va tashkilotlar bilan hisob-kitob qilish uchun elektron hamyonlarni ochishlari mumkin bo‘ladi. Hamyon alohida bank hisobiga muqobil bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasining YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun Paynet Xolis ilovasini o‘rnatish bo‘yicha izohini e’lon qilgandi.
