O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a‘zo bo‘lish uchun faqat bitta davlat bilan kelishib olishi qoldi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov LinkedIn‘da yozib qoldirdi.

O‘runov 2025-yilni sarhisob qilar ekan, o‘tgan yilni respublikaning JSTga a‘zo bo‘lishi doirasida “hal qiluvchi va natijaga yo‘naltirilgan” deb atadi.

Yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston JSTga a‘zo 34 davlatdan 33 tasi bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi, shuningdek, 40 dan ortiq ikki tomonlama muzokaralar va ishchi guruhning ko‘plab yig‘ilishlarini o‘tkazdi, ularda 200 dan ortiq masalalar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, asosiy savdo hamkorlari, jumladan, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlar bilan kelishuvlar imzolandi.

“Ikki tomonlama muzokaralarning faqat bir bosqichi yakunlanmagan,” — deya qo‘shimcha qildi u Tayvanni nazarda tutib.

O‘tgan yil davomida O‘zbekiston JST bilan bog‘liq 30 ta huquqiy hujjatni qabul qildi: 4 ta qonun, 8 ta prezident farmoni va qarori, 12 ta Vazirlar Mahkamasi qarori va 6 ta idoraviy me‘yoriy hujjatlar.

Shuningdek, yana 29 ta huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanmoqda. Bojxona nazorati, eksport bojlari, savdoni himoya qilish choralari, intellektual mulkni himoya qilish, texnik tartibga solish, shuningdek, savdodagi sanitariya va fitosanitariya choralari va texnik to‘siqlar sohasidagi “kompleks islohotlar” shular jumlasidan.

Prezidentning JST bo‘yicha vakiliga ko‘ra, O‘zbekiston tovarlar va xizmatlar jadvali bo‘yicha “sezilarli yutuqlarga erishdi,” shuningdek, konsolidatsiya bosqichlariga o‘tdi.

Tomonlar tashkilot qoidalariga muvofiq eksport bojlari, tranzit erkinligi va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha yakuniy muhokamalarni boshladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston JSTning sohaviy bitimlarida faol ishtirok etmoqda.

2026-yilda qolgan ikki va ko‘p tomonlama muzokaralarni yakunlash, ishchi guruh ma‘ruzasini tayyorlash, qonunchilikni yakuniy kelishish, shuningdek, JSTga a‘zo bo‘lish jarayonini yakunlash bo‘yicha “qat‘iy qadamlar"ni qabul qilish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi

Sentabr oyida O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta davlat — Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan protokollarni imzoladi. Azizbek Urunov JSTning yana ikki a’zosi bilan prinsipial kelishuvlarga erishilganini qayd etgandi.

Oktabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqi bilan ham muzokaralar to‘liq yakunlandi. Prezidentning JST bo‘yicha vakili Yevropa Ittifoqi oktabr oyi o‘rtalarida shartnoma imzolangan Panamadan keyin O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan JSTning 31-a'zosi bo‘lganini ta’kidladi.

Noyabr oyi boshida O‘zbekiston Kanada, Panama va Ekvador bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Dekabrda esa Rossiya bilan muzokaralar yakunlangandi.

Avvalroq Urunov O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlayotganiga qaramay, jarayon cho‘zilib ketayotganini qayd etgandi. U a’zo bo‘lish jarayonini kechiktirmaslikka chaqirib, barcha masalalarni muhokama qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.