2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonga kichik hajmli avtomobillarni olib kirishdagi imtiyozlar amal qilishdan to‘xtadi. Ushbu ma‘lumotni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Spot‘ga tasdiqladi.
Shavkat Mirziyoyev 2023-yil iyun oyida import qilinadigan kichik hajmli avtomobillar uchun imtiyozlarni joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. 2025-yil oxirigacha dvigatel hajmi 1000 kub sm (1 litr) gacha bo‘lgan avtomobillar uchun nol stavkali boj, dvigatel hajmi 1200 kub sm gacha bo‘lgan mashinalar uchun esa 5%lik boj qo‘llanilgan.
Endi kichik hajmli xorijiy avtomobillar dvigatel hajmi 2 litrdan kam bo‘lgan avtomobillar uchun belgilangan umumiy qoidalar asosida import bojlariga tortiladi. Bu bojlar bojxona qiymatining 15%ini hamda har bir kub santimetr uchun 40 sentni tashkil etadi.
“2,5 yil avvalgi eyforiyada bojlarning pasaytirilishi bu manevr emas, ochiq va raqobatbardosh iqtisodiyot qurish maqsadi yo‘lidagi strategiya deya umidlar bildirgan edik. Afsuski, 2024-yildan boshlab O‘zbekistonga avtomobil va elektromobil importini turli maʼmuriy to‘siqlar va noboj vositalar bilan qiyinlashtirish va qimmatlashtirish harakatlari boshlanib ketdi va haligacha davom etmoqda”, — deb yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma‘lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida avtomobil savdosi 101,1 ming donani tashkil etib, oktyabr oyiga nisbatan 10%ga kamaygan. Xorijiy avtomobillarga bo‘lgan talab esa oyiga 5 mingtagacha ko‘tarilib, oylik o‘sish 11,1%ni tashkil etgan.
Avvalroq Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonda avtomobillarga nisbatan ekologik talablar kuchaytirilishi haqida aytgandi.
