O‘zbekistonda birinchi pulli avtomobil yo‘llari 2027-yilda quriladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida so‘z borgan.

Kelgusi besh yil ichida umumiy uzunligi 130 km bo‘lgan, jumladan Toshkent — Samarqand va Toshkent — Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlari bo‘ylab pulli avtomobil yo‘llarini qurish rejalashtirilmoqda.

2027-yilda dastlabki 50 km pulli yo‘llar quriladi. 2028-yilda ularning uzunligi 75 km.ga, 2029-yilda 100 km.ga, 2030-yilda esa 130 km.ga yetadi.

2023-yil sentabrda tasdiqlangan strategiyaning dastlabki versiyasida davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent — Samarqand va Toshkent — Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlarida yangi avtomobil yo‘llarini qurish ko‘zda tutilgan edi.

2025-yil dekabrda Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yillik murojaatida 2026-yilda Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andijon, Toshkent — Bo‘stonliq, Pungan — Namangan va Qarshi — Shahrisabz yo‘nalishlarida 800 km yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan yo‘llar qurilishi boshlanishini ma‘lum qilgan edi.

Bundan tashqari, Toshkent va Chorvoq o‘rtasida uzunligi 56 km bo‘lgan pulli avtomobil yo‘li paydo bo‘ladi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari 2026-yil o‘rtalariga qadar ishlab chiqiladi va yil oxirida qurilishi boshlanadi. Yillik trafik 250 ming mashinani tashkil etadi.


Avvalroq 2030-yilgacha Farg‘ona vodiysi va Surxondaryoga tezyurar elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.