Toshkentdan Samarqandga tezyurar temir yo‘lni 2030-yilda qurib, ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda Koreya Eksimbankining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sangjin Kang O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud temir yo‘l magistralidan ham yuk, ham yo‘lovchi tashish uchun foydalaniladi. Alohida tezyurar temir yo‘l qurilishi O‘zbekiston hududlari o‘rtasida yo‘lovchi tashishni tezlashtirish va ko‘paytirish imkonini beradi.

Hozirda loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishi ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu bosqichda yo‘lovchilar oqimi prognoz qilinadi, yo‘nalishlar shakllantiriladi, xarajatlar baholanadi, shuningdek, ijtimoiy va ekologik ta’sir tahlil qilinadi.

Loyihani amalga oshirish muddati o‘rtacha 7−10 yilni tashkil etadi. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi temir yo‘lni 2030-yilning birinchi yarmida to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Yo‘nalish uzunligi 300 km, o‘rtacha tezlik 185,7 km/soat, yo‘lga sarflanadigan vaqt esa 1,5 soat atrofida bo‘ladi.

2025-yil 24-oktabr kuni Janubiy Koreyaning Saman Engineering kompaniyasi Transport vazirligi, O‘zbekiston temir yo‘llari va boshqa idoralar takliflari asosida Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lining 3 ta variantini taqdim etdi.

Sangjin Kang tomonidan e’lon qilingan parametrlar birinchi variantga mos keladi, unga ko‘ra temir yo‘l uzunligi 282 km, yo‘lga ketadigan vaqt 1 soat 26 daqiqa, o‘rtacha tezlik esa 185,7 km/soatni tashkil etadi. Umumiy uzunligi 8,9 km bo‘lgan 74 ta ko‘prik va 3 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.

koreya eksimbanki, poyezd qatnovi, temir yo‘l, toshkent-samarqand

Dekabr oyi boshida Janubiy Koreyaning Saman Engineering, Dong Myeong Engineering Consultants & Architecture Co., Ltd, Korea Railroad Corporation va Korea National Railway kompaniyalaridan iborat konsorsium tomonidan ishlab chiqilgan TIA bo‘yicha hisobot o‘tkazildi.

Oy oxirida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida Toshkent-Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlar uchun yangi temir yo‘l liniyasini qurish boshlanishini e’lon qildi.

Yaqinda prezident Transport vazirligiga O‘zbekiston temir yo‘llari bilan birgalikda 2026-yil 1-mayga qadar xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda Toshkent-Samarqand yo‘nalishida alohida ajratilgan ikki polosali tezyurar temir yo‘l magistralini qurish loyihasining baholash hujjatlarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda hukumatga kiritish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li

2023-yil noyabr oyida O‘zbekiston temir yo‘llari raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov birinchi marta yuqori tezlikda harakatlanish uchun alohida tarmoq qurish rejalari haqida Spot’ga ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi infratuzilma yo‘lovchi va yuk tashishning o‘sib borayotgan hajmi uchun yetarli emas.

2024-yil sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshqaruvchilari yig‘ilishida tezyurar temir yo‘l magistrallari qurilishini e’lon qilgan edi. Ular Toshkent-Samarqand va Samarqand-Navoiy-Buxoro yo‘nalishlari bo‘ylab o‘tadi. Qurilishga Turkiyaning Rönesans Holding guruhi jalb etilishi mumkin.

2025-yilning fevral oyida Transport vazirligi Janubiy Koreya kompaniyalari konsorsiumi bilan Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni boshlashga kelishib oldi. Koreya Eksimbanki buning uchun grant ajratadi.

Loyihaga, jumladan, temir yo‘lni moliyalashtirishga Xitoy Eksimbanki va Yevropa investitsiya banki qiziqish bildirgan.

Iyul oyi oxirida transport vaziri Ilhom Mahkamov TIA joriy yil oxirigacha yakunlanishini ma’lum qilgandi. 2026-yil yanvar oyidan tenderni o‘tkazish uchun hujjatlarni tayyorlashni boshlash rejalashtirilgandi.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligining kelgusi uch yillikka mo‘ljallangan moliyaviy strategiyasida ushbu tezyurar temir yo‘li qurilishi kelasi yildan boshlanishi haqida gap boradi.

Noyabr oyida Transport vazirligining DXSH bo‘yicha uchinchi davra suhbatida Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yangi tezyurar temir yo‘li qatnov vaqtini 1,5 soatgacha qisqartirishi taʼkidlangandi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston temir yo‘llari va Talgo 80 mln yevrolik shartnoma imzolagani haqida yozgandi.