Davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirish tartibi belgilandi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2026-moliya yilida davlat budjeti daromadlarining choraklik prognoz ko‘rsatkichlari daromad manbalari va hududlar kesimida belgilanadi.
Ushbu ko‘rsatkichlar Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlangandan so‘ng, 3 ish kuni ichida tuman va shaharlarning budjet daromadlari manbalari hamda choraklar kesimidagi prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.
Bu qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan qabul qilinadi.
Belgilangan daromadlarning prognoz ko‘rsatkichlariga o‘zgartirishlar Prezident Administratsiyasi bilan kelishgan holda kiritilishi mumkin.
2026-yildan kelgusi moliya yili uchun davlat budjeti daromadlari prognozini hisoblash Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi orqali avtomatlashtirilgan shaklda amalga oshiriladi.
25-dekabr kuni prezident 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.
Avvalroq 2026-yil uchun tashqi qarzlarning maksimal hajmi $5,5 mlrd etib belgilangandi.
