Elektr energetikasi tizimida texnologik buzilishlarni tekshirish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Ushbu nizom elektr energetikasi obyektlari va blok stansiyalarida yuzaga kelgan texnologik buzilishlarni aniqlash, hisobga olish hamda ular haqida xabar berish tartibini belgilaydi.

Hujjatga ko‘ra, elektr energetikasi tizimi ishlashining bir qator texnologik buzilishlari majburiy ravishda tekshirilishi va hisobga olinishi shart. Jumladan:

  • elektr qurilmalarining ekspluatatsiya davrida, shuningdek, rejali taʼmirlash, profilaktika ko‘rigi va sinovlar jarayonida aniqlangan shikastlanish holatlari;
  • elektr qurilmalari va ularning elementlarini ishdan chiqargan, texnik (texnologik) holat parametrlarining ruxsat etilmagan darajada chetga chiqishi;
  • isteʼmolchilarga elektr energiyasini qisman yoki to‘liq rejalashtirilmagan holda yetkazib berishning to‘xtatilishi.

Elektr energetikasi tizimidagi texnologik buzilishlarni tekshirish va hisobga olishning asosiy maqsadi ularning oldini olishga qaratilgan tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.

Shuningdek, tizim ishlashini baholash, ekspluatatsiya qilishni takomillashtirish, modernizatsiya qilish, qayta tiklash yoki almashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.

Texnologik buzilish holatlari xususiyati va oqibatining og‘irligiga qarab, avariyalar, I va II darajadagi ishdan chiqishlarga bo‘linadi. Buzilishlarning tekshiruvi ular aniqlangan zahoti boshlanib, 10 kun ichida yakunlanishi lozim.

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, saqlovchi, uzatuvchi va taqsimlovchi korxonada hamda unga tegishli elektr tarmoqlarida sodir bo‘lgan barcha texnologik buzilishlar ushbu elektr energetikasi obyekti tomonidan hisobga olinadi.


Avvalroq O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish 6%ga, quyosh va shamol generatsiyasi esa ikki baravarga oshgani haqida xabar berilgandi.