Yangi Buxoro xalqaro aeroporti 2027-yil boshidan ish boshlaydi. Bu haqda Buxoro xalqaro aeroporti direktori o‘rinbosari Shahboz Hayitov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Buxoro tumanining Dilobod Zafarobod mahallasi hududidan yangi xalqaro aeroport hamda unga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini qurish uchun jami 377,7 gektar yer maydoni ajratilgan.

Loyiha doirasida uzunligi 3,3 km bo‘lgan barcha turdagi havo kemalarini qabul qilishga mo‘ljallangan uchish-qo‘nish yo‘lagi, ularga xizmat ko‘rsatuvchi 20 ta to‘xtab turish joyi hamda 5 ta burilish yo‘lagi qurilmoqda.

Xususiy sherik tomonidan soatiga 1200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi aerovokzal majmuasi, Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi tomonidan esa uzunligi 29,6 km bo‘lgan Buxoro shahridan aeroportga olib boruvchi avtomobil yo‘li barpo etilmoqda.

“2026−2027-yillarga mo‘llangan maqsadlarimizga ko‘ra, yangi aeroport qurib, uni 2027-yilning birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Aeroport soatiga 2000 ta yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi”, — dedi Buxoro xalqaro aeroporti direktori o‘rinbosari Shahboz Hayitov.

Yangi Buxoro aeroporti qurilishi hududi / Foto: Buxoro viloyati hokimligi

O‘zbekiston 24 lavhasida ta’kidlanishicha, yangi havo bandargohi hamda unga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini qurish uchun Buxoro tumanining Nometan mahallasi hududidan jami 4600 gektar yer maydoni tanlangan.

Ishlab chiqilgan dastlabki loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, aeroport va yo‘l qurilishi uchun jami 63,73 gektar ekin hamda 396,7 gektar yaylov yerlarining toifasi o‘zgartiriladi. Loyiha doirasida 26 km avtomobil yo‘li, 16 km elektr tarmoqlari hamda 35 kVt kuchlanishli nimstansiya qurish ko‘zda tutilgan.

Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Jalol Arashovning qayd etishicha, aeroport bir vaqtning o‘zida soatiga 16 tagacha havo kemasini qabul qilish, haftasiga 100 dan ortiq reyslarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2025-yilning martida Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev yangi xalqaro aeroportni 2026-yil oxirigacha qurib bitkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi. O‘shanda u loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, tasdiqlanishi kutilayotganini bildirgandi.

Buxoroda yangi aeroport qurilishi

2024-yil boshida prezident raisligida o‘tkazilgan aviatsiya sohasidagi davlat korxonalari transformatsiyasi bo‘yicha taqdimotda Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlarini modernizatsiya qilish va xususiy boshqaruvga o‘tkazish rejalari ma’lum qilindi.

May oyi oxirida Transport vaziri Ilhom Mahkamov davlat rahbariga viloyatning Buxoro tumanida qurilishi rejalashtirilgan yangi xalqaro aeroport loyihasini taqdim etdi. Umumiy qiymati $226 mln bo‘lgan loyiha DXSh asosida amalga oshiriladi.

Prezidentning avgustdagi tegishli qarori bilan Transport vazirligi, Uzbekistan Airports, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Buxoro viloyati hokimligiga Buxoro xalqaro aeroportini qurish hamda boshqaruvga berish bo‘yicha 2024-yilning to‘rtinchi choragida loyiha bitimini imzolash topshirildi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot bilan suhbatda loyiha “greenfield project” — yangi hududni o‘zlashtirishni nazarda tutushini ma’lum qildi. Aeroportni “yangi minishahar deyish mumkin”, dedi u.

Oktabr oyi boshida Shavkat Mirziyoyev Buxoro xalqaro aeroporti qurilishiga oid taqdimot bilan tanishdi. Bosh planga ko‘ra, shahar markazidan 26 km uzoqlikda joylashgan yangi aeroport hududi 307 gektarni tashkil etadi. Yangi terminal soatiga 1 200, yiliga esa 3 mlndan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, loyihada xorijiy standartlar qo‘llanilib, uning doirasida aeroportda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tashkil etiladi: savdo, oziq-ovqat va “duty free” nuqtalari bo‘ladi.

Avvalroq Spot O‘zbekistondagi 5 ta yirik aeroport modernizatsiya qilinadi va xususiy boshqaruvga berilishi haqida yozgandi. 2030-yilgacha har yili kamida bitta aeroport DXSH asosida xususiy operator boshqaruviga topshirish rejalashtirilmoqda.