Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida energetika va transport majmualarining qurilishiga start berdi.

So‘nggi 5 yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,4 barobarga ko‘payib, o‘tgan yilda 553 trln so‘mni tashkil etdi. Buxoroda bu ko‘rsatkich 1,6 barobarga oshib, 30 trln so‘mga yetdi.

Viloyatda $7 mlrdlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 41ta va yana shu qiymatdagi 39ta mahalliy loyihalar mavjud.

“Qorako‘l” EIZda gaz-kimyo majmuasi qurilishi belgilangan. Uning doirasida qariyb $5 mlrd investitsiya jalb etiladi. Zavod “methanol to olefins” (MTO) texnologiyasi asosida ishlovchi mamlakatdagi birinchi zavod bo‘lishi kutilmoqda.

Unda yiliga 1,3 mlrd metr kub tabiiy gaz va 430 ming tonna nafta qayta ishlanib, 1,1 mln tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday mahsulotlar gaz narxiga nisbatan 5 barobar ko‘p qo‘shilgan qiymat beradi.

Bu yerda 2 ming kishining bandligi ta’minlanadi. Qurilish, to‘qimachilik, charm-poyabzal, avtomobilsozlik, elektrotexnika kabi sohalarda o‘nlab korxonalar, yana 4 mingta ish o‘rni ochiladi.

So‘nggi yillarda $2 mlrd xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 2 gigavattli 10ta quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi. Xorijiy hamkorlar bilan jami $19 mlrdlik 18,3 gigavattli 32ta “yashil” generatsiya quvvatlari qurilmoqda.

Joriy yilning o‘zida 14ta quyosh va shamol stansiyasining dastlabki 2,6 gigavatti tarmoqqa ulanadi. Natijada ishlab chiqariladigan jami quvvatda muqobil energiya ulushi 9%dan 15%ga oshadi.

2030-yilgacha ko‘rsatkichni 40%ga yetkazish belgilangan. Viloyatda qariyb $4,5 mlrd xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 4 gigavattli 9ta loyiha amalga oshirilmoqda.

BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan vioyatda qurilishi rejalashtirilayotgan quyosh elektr stansiyasining quvvati 250 megavattni tashkil etadi. Loyiha uchun Olot tumanidan 648 gektar yer ajratilgan bo‘lib, stansiya 2025-yilning dekabrida yagona elektr tarmog‘iga ulanadi.

Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Xitoyning “Gezhouba” kompaniyalari tomonidan ham muqobil energiya majmualari barpo etilmoqda. 2030-yilga borib viloyatdagi quvvatlar 9 baravarga ortib, yiliga 12,5 mlrd kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqariladi.

Oxirgi 2 yilda xizmatlar eksportining 40%i turizm sohasiga to‘g‘ri kelgan. 283ta mehmonxona, 486ta xostel, 1,2 mingta oilaviy mehmon uyi barpo etilgan. Turizm oqimi 35%ga oshgan.

2023-yilda Buxoroga 1,4 mlnga yaqin xorijiy turistlar tashrif buyurgan. Bu kabi omillar viloyat xalqaro aeroportida parvozlar sonini ko‘paytirishni talab etmoqda.

Xususiy sheriklik shartlari asosida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurish ko‘zda tutilgan. Loyiha qiymati — $226 mln.

Uning doirasida jahon standartlariga mos aeroport infratuzilmasi tashkil etiladi. Soatiga 1,2 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Yo‘lovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur majmualar qurilishini boshlab berdi. Shu yerda Buxoroda qurilishi rejalashtirilgan majmualar, jumladan, yangi aeroport loyihasi taqdimot qilindi.

Avvalroq Xitoyning “Universal Energy” kompaniyasi O‘zbekistonning ikkita hududida shamol elektr stansiyasi qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.