Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Buxoro xalqaro aeroporti qurilishiga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Buxoro aeroportida parvozlar va yo‘lovchilar sonini oshirish salohiyati mavjudligiga qaramay, aeroport talabga javob bermasligi qayd etildi. Bu yerda soatiga 400 nafar yoki yiliga 1 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Parvozlarni boshqarish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tizimlari, kutish-kuzatish zallari eskirgani esa qatnovlarni ko‘paytirish imkonini cheklayapti.
Aksariyat sayyohlar Buxoroga borish uchun Toshkent, Samarqand yoki Urganch aeroportlariga qo‘nishga majbur bo‘lmoqdalar. Joriy yilning 9 oyida Buxoroga tashrif buyurgan 1 mlndan ziyod xorijiy turistlarning 95%i poyezd yoki avtomobilda borgan. Kelgusi uch yilda turistlar sonini 8 mlnga yetkazish reja qilingan.
Joriy yilning may oyi oxirida prezidentning viloyatga tashrifi chog‘ida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlangandi. Umumiy qiymati $226 mln bo‘lgan loyiha DXSh asosida amalga oshiriladi.
Davlat rahbari yangi aeroportda o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 2 barobarga oshirib, soatiga 8ta samolyot kelish-ketishiga imkoniyat yaratish zarurligini ta’kidladi. Terminalning qulayliklari, ichki va tashqi qiyofasi bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Bosh planga ko‘ra, shahar markazidan 26 km uzoqlikda joylashgan yangi xalqaro aeroport hududi 307 gektarni tashkil etadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” raisi Javlonbek Umarxo‘jayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida qayd etdi.
“Bu hududni tanlashda „Uzbekistan Airports“ va tegishli tashkilotlar tomonidan qariyb 1 200 gektar hududda geologiya va gidreologiya o‘rganish ishlari olib borildi. Uning natijasida, qurilishni amalga oshirish uchun yerning qatlami, qurilish normalariga to‘g‘ri kelishi va yer osti suvlarining pastligi darajalari asosida eng maqbul yer uchastkasi tanlab olindi”, — dedi u.
Javlonbek Umarxo‘jayevning ta’kidlashicha, tanlangan yer uchastkasida bosh plan joylashtirilib, loyiha ishlari boshlangan. Bundan tashqari, DXSh doirasida tegishli xorijiy konsultantlar bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish yakuniy bosqichga yetgan.
Buxoro xalqaro aeroportining yangi terminali soatiga 1 200 nafar, yiliga esa 3 mlndan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Loyihada xorijiy standartlar qo‘llanilib, uning doirasida aeroportda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tashkil etiladi: savdo, oziq-ovqat va “duty free” nuqtalari bo‘ladi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov yangi aeroportdan shahar markaziga boradigan yo‘lning 21 km qismida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurish belgilanganini qayd etdi.
“Turizmdan tushadigan valyuta tushumlari viloyatimizda o‘rtacha $450 mlnni tashkil qiladi. Mazkur aerport qurilishi va sayyohlar sonining oshirilishi natijasida sohada band aholi soni 300 mingtaga yetishi, tushumlarning esa $1 mlrddan oshishi kutilmoqda”, — dedi viloyat hokimi.
Yil boshida prezident bilan uchrashuvda Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlarini modernizatsiya qilish va xususiy boshqaruvga o‘tkazish rejalari ma’lum bo‘ldi.
Prezidentning 31-avgustdagi qarori bilan Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports”, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Buxoro viloyati hokimligiga Buxoro xalqaro aeroportini qurish hamda boshqaruvga berish bo‘yicha joriy yilning to‘rtinchi choragida loyiha bitimini imzolash topshirildi.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “Spot"ga mazkur loyiha “greenfield project” — yangi hududni o‘zlashtirishni nazarda tutushini ma’lum qilgandi. Aeroportni “yangi minishahar deyish mumkin”, degandi u.