Ertadan boshlab metan “zapravka"lar faoliyatiga yana vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilayotganligi sababli bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda. Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash uchun mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan AGTKSHlar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilmoqda.
8-yanvardan boshlab metan “zapravka"lar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar faoliyat yurita boshlaydi.
Farg‘ona vodiysidagi “zapravka"larning ish vaqti esa hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib belgilanadi.
Vazirlik buning asosiy sababini gaz bosimi pasaygan vaqtlarda birinchi navbatda aholi, jamoat transportlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash kerakligi bilan izohladi.
Shundan kelib chiqib, gaz ta’minotidagi umumiy holat, bosim darajasi va iste’mol hajmi asosida metan “zapravka"larning ish rejimi mahalliy hokimliklar bilan kelishiladi.
“Bu zaruriy choralar vaqtincha bo‘lib, gaz bosimini me’yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Metan “zapravka"larga cheklovlar
11-dekabr kuni Energetika vazirligi metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilishini xabar qilgandi. Bunga qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta‘minlash mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avariya oqibatida O‘zbekistonda 6 mln kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelganini ma’lum qildi. Vaziyatni bartaraf etish uchun qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda ishlar tashkil etilgan.
Undan keyin, hududlarda faoliyati cheklangan metan “zapravka"lar ish vaqti maʼlum qilindi. AGTKSHlar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bois ko‘plab hududlardagi “zapravka"larda ish grafiklari o‘zgardi.
22-dekabrdan buyon barcha metan “zapravkalar” belgilangan vaqtlarda ishlayotgandi. 30-dekabr kuni soat 09:00 dan boshlab ular 24 soatlik ish rejimida faoliyat yurita boshladi.
