O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (O‘zRTXB) ma‘lumotlariga ko‘ra, propan narxi keskin oshgan, sotuvlar hajmi esa qisqargan.

6-yanvar kuni suyultirilgan gaz narxi 5,9%ga ko‘tarilib, bir tonnasi 8,7 mln so‘mdan oshib ketdi. 2026-yil boshidan buyon propan 7,65%ga yoki 600 ming so‘mdan ko‘proqqa qimmatlashdi.

Shu bilan birga, 2025-yil 30-dekabrdan boshlab taklif hajmi qisqarmoqda: uch savdo sessiyasida sotuvlar deyarli chorak qismga — 2375 tonnadan 1832 tonnagacha kamaydi.

11-dekabrdan boshlab propan narxi 20%dan ko‘proqqa oshdi. Bu bir oy ichida suyultirilgan gazning bir tonnasi qariyb 1,5 mln so‘mga qimmatlashganini anglatadi.

Kuni kecha iqtisodchi Otabek Bakirov 5-yanvar kuni tovar-xomashyo birjasiga qo‘yilgan propan hajmi bir kunda 400 tonnadan ko‘proqqa kamayganini ta‘kidladi. Savdolar hajmining pasayishini u “sun‘iy ravishda tashkil etilgan taqchillik” bilan izohladi.

Raqobatni rivojlantirish va iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi propanning birjada keskin ko‘tarilishi bilan bog‘liq vaziyatga izoh bermadi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida propan 1,3%ga qimmatlashgan, yuqori narx chegarasi litri uchun 7600 so‘mni tashkil etgan. 2025-yil yakuniga ko‘ra, suyultirilgan gaz 10,5%ga arzonlashgan.

Biroq rasmiy statistika O‘zRTXB ma‘lumotlaridan farq qiladi. 2024-yil 27-dekabr va 2025-yil 30-dekabrdagi propan narxini taqqoslaganda, narxlarning o‘sishi tonnasi uchun 6,4 mln so‘mdan 8,08 mln so‘mgacha — 27,56%ni tashkil etadi.

2024-yil noyabr oyi boshida monopoliyaga qarshi organ suyultirilgan gaz narxi o‘sishini sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20% miqdorida cheklagandi. Yuqori chegara propanning narxi bir tonna uchun 10,1 mln so‘mdan oshib, AI-80 benzinini ortda qoldirgandan so‘ng joriy etilgan.

Avvalroq Markaziy bank oltin quymalarini qaytarib sotib olish narxlarini e’lon qila boshlagandi.