O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit berishni taqiqlagan aholi soni qariyb 440 ming nafarga yetdi. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) kredit byurosi matbuot xizmati ma’lum qildi.
2026-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda “Kreditga taqiq” xizmatiga ulangan jismoniy shaxslar 438 322 nafarni tashkil etdi. Gender ko‘rsatkichi bo‘yicha ularning asosiy qismi — 67% ini (292 722) erkaklar tashkil etadi, qolgan 145,6 ming nafari esa ayollardir.
Yosh kesimida o‘z-o‘ziga kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yishdan eng ko‘p 26−35 yoshdagi fuqarolar foydalanadi — ular barcha foydalanuvchilarning 33%ini tashkil qiladi.
Keyingi o‘rinlarda 36−45 yoshdagilar (24%) hamda 26 yoshgacha bo‘lganlar (22%) turibdi. Shu bilan birga, 46−55 yosh oralig‘idagilar 12% ga, 56 yoshdan yuqori aholi soni esa atigi 9% ga to‘g‘ri keladi.
“Kreditga taqiq” xizmatiga ulanganlar soni oylar kesimida o‘sib bormoqda. Xizmat iyun oyida ishga tushirilgach, undan 33,13 ming nafar fuqaro foydalangan bo‘lsa, iyulda bu — 37,65 ming, avgustda — 37,88 ming, sentabrda — 40,8 ming, oktabrda — 41,86 ming, noyabrda — 93,43 mingni tashkil etgan. Dekabr oyi kelib esa ushbu ko‘rsatkich keskin oshdi — 153 565.
Kredit olishni taqiqlash
Joriy yilning 6-iyunidan boshlab O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit berishni taqiqlash xizmati ishga tushdi. Undan Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi saytidan bepul foydalanish mumkin.
Xizmat yordamida shaxs kredit byurosiga ariza berishi va unga kredit yoki qarz berishni taqiqlashi mumkin. Ikki oydan kamroq vaqt ichida qariyb 73 ming kishi o‘z ixtiyori bilan kredit olishni taqiqlagan.
Spot fuqarolar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishiga onlayn taqiq qo‘yish bo‘yicha xizmat nima uchun kerakligi, shuningdek, xizmatdan qanday foydalanish mumkinligi haqidagi qo‘llanmani taqdim etgandi.
Bundan tashqari, hozirda kredit byurosi orqali kredit tarixi o‘rganilishini cheklab qo‘yish mumkin. Xizmat orqali fuqarolar o‘zlariga tegishli kredit tarixi ma’lumotlarini olinishini taqiqlab qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.
2025-yilda kiberjinoyatlar oqibatida o‘zbekistonliklarning 1,9 trln so‘m mablag‘i o‘g‘irlangan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 11 barobarga oshib, 62 mingdan ortgan. Jami yetkazilgan zarar 3,73 trln so‘mni tashkil etib, uning yarmi o‘tgan yilning 11 oyiga to‘g‘ri keladi.
Jinoyatlarning oldini olish doirasida 483 ta fishing dasturi bloklangan hamda kriptoaktivlar sohasidagi qonunbuzilishlar orqali 76 mlrd so‘m mablag‘ chiqib ketishining oldi olingan. 2025-yilning olti oyida O‘zbekistonda sodir etilgan jinoyatlarning 42%i kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning to‘qqiz oyida fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bilan bog‘liq 463 ta holat qayd etilgan. Ushbu jinoyatlardan yetkazilgan umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Avvalroq Spot 1-fevraldan davlat ta’minotidagi oilalarga tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar berilishi haqida yozgandi.

