SamAuto aksiyalarini sotib olgan Anadolu Isuzu zavodda yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

9-yanvar kuni vazir Laziz Kudratov Turkiyaning Anadolu Group tarkibiga kiruvchi Anadolu Isuzu kompaniyasi bosh ijrochi direktori Yusuf Tug‘rul Arikan bilan uchrashdi. Unda hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, mahalliylashtirish jarayonlari hamda texnologiyalar transferi masalalariga e’tibor qaratdi.

O‘tgan yilning dekabr oyida investor tomonidan aksiyalarining 75,2%i $80 mlnga sotib olingan Samarqand avtomobil zavodini (SamAuto) bosqichma-bosqich rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Zavodda qishloq xo‘jaligi uchun yangi turdagi avtotransport vositalari va maxsus texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, modellar turlarini kengaytirish hamda ishlab chiqarish hajmlarini oshirish rejalari ma’lum qilindi.

Ishlab chiqarish ichki bozor talabini ta’minlash bilan birga eksport yo‘nalishlarini kengaytirishga ham qaratilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar avtomobil sanoati sohasida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.

2025-yilning avgust oyida Anadolu Isuzu SamAuto ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini $80 mlnga sotib olishi ma’lum bo‘lgandi. Taklif doirasida investor O‘zbekistonda yirik sig‘imli avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, servis markazlari tarmog‘ini yaratish hamda mahsulotlarni Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaga eksport qilishni rejalashtirgan. Davaktiv agentligiga ko‘ra, bitim qiymati KPMG va PwC tomonidan belgilangan baholarga mos keladi.

Dekabr oyida Anadolu Isuzu davlat ulushini sotib olish uchun $80 mln to‘ladi. Investor SamAuto‘ni rivojlantirish uchun yana $80 mln sarmoya kiritishni ham rejalashtirgan. Oldi-sotdi shartnomasi 19-noyabrda imzolangan bo‘lib, 9-dekabrda mablag‘ Xususiylashtirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga kelib tushdi.

Avvalroq O‘zbekistonda kichik hajmli avtomobillarni olib kirish uchun bojlar oshgani haqida xabar berilgandi. 2026-yildan kichik litrajli avtomobillar uchun 15% lik boj stavkasi hamda har kub santimetr uchun $0,4 qo‘shimcha to‘lov joriy etildi.