Qonunchilik palatasi majlisida Samarqand viloyatining ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Samarqandni “millionli shahar"ga aylantirish hamda zamonaviy turar-joy va noturar binolar qurish maqsadida Samarqand tumani alohida ma‘muriy-hududiy birlik sifatida tugatilmoqda. Bu orqali aholini uy-joy bilan to‘la taʼminlash, hududlarni infratuzilma bilan qamrab olish va munosib yashash sharoitlari yaratish ko‘zda tutilgan.

Shundan kelib chiqib, Oqdaryo tumanidan 1 410,6 gektar, Pastdarg‘om tumanidan 1 242,3 gektar, Samarqand tumanidan 13 308 gektar, Toyloq tumanidan 1 265,6 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Shahardan 518 gektar va Samarqand tumanidan 1 551 gektar yer maydoni Pastdarg‘om tumani, Samarqand tumanining 28 295 gektar yer maydoni esa Toyloq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda. Bunda shahar va tumanlar tarkibiga o‘tkazilayotgan yerlarning amaldagi yer fondi toifalari o‘zgartirilmagan.

Ushbu chegaralar o‘zgartirilishi hisobiga Samarqand shahrining hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektarga kengayadi. Shahar aholisi 604 ming nafardan 882 ming nafargacha oshadi.

Shuningdek, yangi uy-joy massivlarini barpo etish bo‘yicha “Shirin” shaharchasi, “Temir yo‘l orti” hududi va “Qorasuv-2” massivi hududlarida 309 ming aholi uchun 710 ta ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi.

Samarqand shahrida yangi turistik loyihalar, o‘yin maydonlari, akvapark, havo sharlari, istirohat bog‘lari kabi ko‘ngilochar turizm va dam olish maskanlari tashkil etilib, yangi yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish obyektlari va logistika markazlari quriladi.

Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli MFY, xalq deputatlari Samarqand shahar, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlari Kengashlari hamda viloyat Kengashida ma‘qullangani aytildi. Mazkur masala yuzasidan qaror loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.


2023-yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev Shirin massivining loyiha rejasi bilan tanishdi. Davlat rahbari loyihani yetakchi shaharsozlik tajribasi asosida takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

O‘sha yilning iyulida shaharchani barpo etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Buning uchun davlat muassasasi shaklida direksiya tashkil etilib, chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskunalar uchun bojxona boji to‘lash bekor qilinishi belgilandi.

2025-yilning noyabr oyi oxirida prezident ishtirokida bo‘lib o‘tgan viloyat kengashi sessiyasida Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanidagi 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahriga qo‘shib berilishni aytgandi. Buning hisobiga Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 mingga yetishi qayd etilgan edi.

Avvalroq 2026-yildan Samarqandda suv solig‘i tushumlari mahalliy suv korxonalariga yo‘naltirilishi aytilgandi.