Avvalroq Markaziy bank Yangi Bank litsenziyasini chaqirib olgani, bank faoliyati tugatilayotgani haqida xabar berilgandi. Buning sabablari qatorida ustav kapitali minimal talab etiladigan 500 mlrd so‘mdan kamligi va katta zararlar ko‘rilgani bilan izohlandi.
Yangi Bank’ning 2025-yildagi zarari 136 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu haqda 15-yanvar kuni o‘tkazilgan jurnalistlar bilan onlayn muloqotda Markaziy bankning Banklarni prudensial nazorati departamenti rahbari Zufar Abdullayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning 13-yanvar holatiga Yangi bank’ning jami aktivlari 577,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kredit portfeli 190 mlrd so‘mga baholanmoqda.
Yuqori likvidli aktivlar hajmi 126 mlrd so‘mga yetgan. Uning tarkibida Markaziy bankdagi mablag‘lar — 31 mlrd so‘m, boshqa banklarda joylashtirilgani — 14,5 mlrd so‘m. Yana 80 mlrd so‘m REPO bitimlari bo‘yicha sotib olingan qimmatli qog‘ozlarga to‘g‘ri keladi.
Aktivlar tarkibida asosiy vositalar 254,7 mlrd so‘m bo‘lib, shundan bank binosi 155 mlrd so‘mga, bankning nomoddiy aktivlari esa 103 mlrd so‘mga baholanmoqda.
Bankning jami majburiyatlari — 394 mlrd so‘m. Aholi omonatlari va jismoniy shaxslarning bank kartalaridagi mablag‘lari 279 mlrd so‘mni, yuridik shaxslarning talab qilib olinguncha va muddatli depozitlari qoldig‘i esa 109,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Regulyator hisob-kitoblariga ko‘ra, bankning xususiy kapitali 182,9 mlrd so‘mni, ustav kapitali 355 mlrd so‘mni (eng minimal talab — 500 mlrd so‘m) tashkil etadi.
Shuningdek, Yangi Bank’ning taqsimlanmagan zarari 171 mlrd so‘mga yetdi, shundan 136 mlrd so‘mi 2025-yil yakuniga, yana 1 mlrd so‘mi 2026-yil boshiga to‘g‘ri keldi.
2025-yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, Yangi Bank 95,3 mlrd so‘m zarar bilan O‘zbekistondagi eng ko‘p zarar ko‘rgan bank bo‘ldi. Natijada, bankning so‘nggi chorakdagi zarari 41 mlrd so‘mdan oshdi.
Yangi bank 2023-yilning may oyida Markaziy bankdan litsenziya olgan. Raqamli bankning 100% ulushi Yangi-Group kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u o‘z navbatida Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan Yangi Holding Pte Ltd kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan.
2025-yilning yozida Yangi Bank boshqaruvi raisi lavozimiga SEG Enera kompaniyasi bosh direktori Timofey Smirnov tayinlangan. Ungacha bankka vaqtincha rahbar sifatida Tatyana Asmakovets boshchilik qilgan bo‘lib, u Uzum Bank’ga o‘tgan Svetlana Xening o‘rnini egallagan.
Avvalroq Spot Markaziy bank dekabr oyida 10 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida yozgandi.
