Xitoyning Huanrong Paper Company korxonasi Samarqand viloyatida qog‘oz ishlab chiqarish zavodini qurishni rejalashtirmoqda, deb xabar qilmoqda viloyat hokimligi.

O‘tgan hafta oxirida kompaniya rahbariyati viloyat hokimi Aziz Boboyev bilan muzokaralar olib bordi. Mehmonlar sanoat kartoni, o‘rama va ofis qog‘ozlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy majmua barpo etish rejalarini taqdim etishdi.

Loyihaning umumiy qiymati qariyb $500 mlnni tashkil etadi. Uni besh bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Korxonani joylashtirish uchun 50 gektardan ortiq yer talab etiladi. Huanrong Paper kompaniyasi Samarqanddagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga qarashli “Xishrav-2” massividagi maydonni potensial joylashuv sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Bo‘lajak zavod 3 ming ish o‘rni bilan ta’minlaydi va davlat byudjetiga qo‘shimcha $50−60 mln soliq tushumlarini olib keladi.

Kompaniya vakillari tomonidan ta’kidlanishicha, u Markaziy Osiyoda bunday darajadagi birinchi korxona bo‘ladi.

Hokim xitoylik investorlarga viloyat hokimiyati tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishiga va’da berdi. Gap, xususan, tashkiliy va infratuzilmaviy masalalarni hal etish, shuningdek, loyihani qo‘llab-quvvatlash haqida bormoqda.

1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda xitoylik investorlar ishtirokidagi 5044 ta kompaniya, jumladan, 748 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda ularning soni 1,5 barobarga yoki 1687 taga ko‘paydi.


Avvalroq Andijonda Yangi Andijon-Xonobod yo‘nalishida pulli yo‘l qurilishi haqida xabar berilgandi.

Xitoylik investorlar bilan loyihani amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Loyihaning boshqa tafsilotlari hozircha ochiqlanmagan.