O‘zbekistonda yana bir pulli avtomobil yo‘li quriladi. Bu haqda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Yangi pulli yo‘lni Yangi Andijon — Xonobod yo‘nalishida qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha Xitoy investitsiyasi asosida amalga oshiriladi.
“Viloyat rahbarining Xitoyda investorlar bilan uchrashuvidagi kelishuvlarga asosan, Yangi Andijon — Xonobod yo‘nalishida pulli yo‘l qurish loyihasi amalga oshirilishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Kuni kecha Andijonda investorlar bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Loyihaning boshqa tafsilotlari hozircha keltirilmagan.
Yangi Andijon shahri qurilishi 2021-yilning iyun oyida boshlangan. Joriy yilning aprel oyida Shavkat Mirziyoyev mazkur shaharchaga Bobur shahri deb nom berishni taklif qilgandi.
Pulli yo‘llar
O‘zbekistonda pullik yo‘llar masalasi 2018-yildan beri muhokama qilinmoqda. O‘sha paytda Germaniyaning GP Günter Papenburg kompaniyasi birinchi pulli harakatli yo‘l loyihasini ishlab chiqishga jalb etilgan edi. Spot ushbu mavzu bo‘yicha voqealar xronikasini eʼlon qilgandi.
2019-yil fevralida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (O‘zavtoyo‘l) “Pulli avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Unda yo‘l haqi miqdorini belgilash mexanizmlari va to‘lovni undirish usullari ko‘rsatilgan edi. Hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, biroq qabul qilinmadi.
2024-yil qishida pulli avtomagistrallarni tartibga soluvchi alohida qonun qabul qilinishi rejalashtirilayotgani haqida yana gap ketdi. Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov mazkur hujjat pulli yo‘llarni qurish va ulardan foydalanish uchun huquqiy asos yaratishini, shuningdek, to‘lov va uning taqsimlanishini tartibga solishni belgilab berishini taʼkidladi.
So‘nggi yillarda Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘nalishlari bo‘yicha ikkita pulli yo‘l loyihasi muhokama qilinmoqda. Ikkinchisining qiymati bir necha bor qayta ko‘rib chiqildi: 2022-yil bahorida qurilish $2,83 mlrdga, 2024-yilda esa $4,65 mlrdga baholandi. Poytaxtdan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘l esa $1,4 mlrdga baholangan edi.
Transport vazirligi joriy yilning yanvarida Toshkent — Andijon yo‘li loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha tender eʼlon qildi. Unga Toshkent — Angren — Qamchiq dovoni qismini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish va xizmat ko‘rsatish kiradi. Arizalar qabul qilish muddati ikki marta uzaytirildi.
Mart oyida prezidentga Toshkent — Samarqand avtomobil yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini yaratish bo‘yicha ishlar yakunlangani haqida maʼlumot berildi. Uzunligi taxminan 300 kilometr bo‘lgan magistral yo‘l safar vaqtini uch soatgacha qisqartiradi va mavjud yo‘lga tushadigan yukni kamaytiradi.
Avvalroq Yangi Toshkent aeroporti hududidan uchta pulli yo‘l o‘tishi haqida xabar berilgandi. Bu yerda yangi temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.
