Pinterest xodimlar sonini 15% gacha qisqartirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi WSJ nashri.
Kompaniya qayta tashkillashtirish rejasini e’lon qildi. Ushbu reja doirasida resurslarni qayta taqsimlash, jumladan sun’iy intellektga ixtisoslashgan jamoalar va sun’iy intellekt mahsulotlarini rivojlantirishga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, reja xodimlar sonini hamda egallab turgan ofis maydonlarini 15% gacha qisqartirishni nazarda tutadi.
Kompaniya Fast Company nashriga aniqlik kiritishicha, 2025-yil dekabr holatiga ko‘ra unda qariyb 5 200 nafar xodim ishlagan. Qisqartirishlar 780 nafargacha xodimga ta’sir qilishi mumkin.
Qayta tashkillashtirish xarajatlari $35−45 mlnni tashkil etadi. Uni 2026-yil uchinchi choragi oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Yangiliklar fonida kompaniya aksiyalari 10% ga arzonlab, bir donasi $23,3 dan baholanmoqda. So‘nggi 12 oy ichida esa aksiyalar qiymati 29% dan ko‘proqqa pasaygan.
WSJ nashrining yozishicha, Pinterest daromadni asosan platformadagi reklama hisobidan oladi. Biroq yirik kompaniyalar tariflar bilan bog‘liq cheklovlar fonida reklama xarajatlarini qisqartirmoqda.
Bu holat kompaniyani neyron tarmoqlarni joriy etishga ko‘proq e’tibor qaratishga undamoqda, deya yozadi gazeta. Shunga qaramay, Pinterest buni reklama beruvchilar uchun raqobat qilayotgan boshqa kompaniyalar, masalan Meta va TikTok’ga qaraganda sekinroq amalga oshirmoqda.
Avvalroq Amazon yana minglab ish o‘rinlarini qisqartirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Qisqartirishlar Amazon Web Services, chakana savdo, Prime Video va xodimlarni boshqarish bo‘limlaridagi ish o‘rinlariga ta’sir qiladi.
