Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi samolyotlar yetishmovchiligiga duch kelmoqda. Bu haqda kompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 8−9 yil ichida aholining mobilligi oshgan. O‘tgan yili Uzbekistan Airways amalga oshirgan parvozlari ikki tomonga 52 mingta reysni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 8% dan ko‘proq.

“Bu kam. Nimaga kam? Samolyotlar yetishmagani sababli [reyslar] o‘sishi 8% ni tashkil etdi. Agar uni ikki yil oldingi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslasak, har yili o‘sish sur’ati 20% ga yetgan. Bu hali [qamrab olinmagan] yo‘lovchilar oqimi borligini ko‘rsatadi”, — dedi aviakompaniya rahbari.

O‘tgan yili aviakompaniya samolyotlarida 6,6 mln yo‘lovchi (o‘sish 6,6%) tashildi, O‘zbekiston aeroportlari esa 15,5 mln kishiga (+15%) xizmat ko‘rsatgan. “Bu 50% ham emas, bunda salohiyat juda katta va bu borada maksimal darajada harakat qilamiz”, — dedi Xudoyqulov.

2025-yilda Uzbekistan Airways to‘rtta yangi yo‘nalishni ochdi va yana to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni, asosan Andijondan tikladi. Yuk aylanmasi 21,9% ga kamayib, 52 ming tonnani tashkil etdi.

Planespotters portali ma’lumotlariga ko‘ra, aviakompaniya flotida 47 ta samolyot bo‘lib, ulardan 38 tasi parvoz qilmoqda. Parkning asosini o‘rta masofali Airbus A320 tashkil etadi — barcha samolyotlarning deyarli yarmi unga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Spot bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonga loukosterlarni jalb qilishga chaqirgani haqida yozgandi.