Qonunchilik palatasi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerga bo‘lgan huquqni e‘tirof etishni soddalashtirishga oid qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat Adliya vazirligi tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari, ulardagi bino va inshootlarni legallashtirish hamda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni tezlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. U 2025-yil 23-dekabrda quyi palatada birinchi o‘qishda qabul qilingandi.

Soliq qarzi tushunchasi bilan bog‘liq bir-birini takrorlovchi normalarni bartaraf etish maqsadida yer solig‘i (uchastkaga nisbatan) va mol-mulk solig‘i (bino va inshootlarga nisbatan) bo‘yicha qarzlarning ta‘riflari belgilandi. Qarzdorlik BHMning 30 baravaridan (12,36 mln so‘m) ortiq miqdorni tashkil etadi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar huquqlarni tan olish bilan bog‘liq hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishni nazarda tutadi va yerga bo‘lgan huquqlarni tan olish uchun to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibini belgilaydi. Shuningdek, shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmi takomillashtirilmoqda.

Birinchi o‘qishda ma‘lum qilinganidek, qonun loyihasidagi tuzatishlar obyekt bo‘yicha yakuniy xulosa berish muddatini uch baravarga — hozirgi 150 kundan 50 kungacha qisqartiradi. Shundan 20 kuni Kadastr agentligi va boshqa davlat organlari tomonidan ariza va hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun ajratiladi.

Keyin mahalliy hokimiyat uchastkani tan olish to‘g‘risidagi e‘lonni jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiradi, bu 10 kun davom etadi. Adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqish uchun yana 20 kun ajratilgan.

Soliq qarzi 30 BHM (12,36 mln so‘m) gacha bo‘lgan uchastkalarga bo‘lgan huquqlarni tan olishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Hozirda 243 mingdan ortiq obyektlar bo‘yicha qarzdorlik mavjud.

Xususiy uy-joy qurilishida hujjatlarga asosan maydondan ortiqcha egallangan uchastkalarni tan olish soddalashtiriladi. Yerning bozor qiymati o‘rniga ariza beruvchi joyidan qat‘i nazar, qat‘iy belgilangan miqdorda bir martalik to‘lovni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

Agar bir martalik to‘lovning barcha summasi o‘z vaqtida to‘lansa, ariza beruvchi 50% chegirmaga ega bo‘ladi. Yoki mahalliy soliq inspeksiyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Qurilish taqiqlangan yer o‘zboshimchalik bilan egallangan taqdirda, kadastr organlari hududning ushbu qismini chiqarib tashlashi va qolgan qismiga bo‘lgan huquqni tan olishi mumkin. “O‘zbekkosmos"da obyektning qurilishini ko‘rsatuvchi kosmik suratlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, xulosa tuzish uchun uning qurilishi davriga eng yaqin bo‘lgan oldingi va keyingi kadrlardan foydalaniladi.

Qaysi uchastkalarni qonuniylashtirish mumkin?

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarga nisbatan huquqlarni tan olish to‘g‘risidagi qonun prezident tomonidan 2024-yil avgustda imzolangan va shu yilning noyabrida kuchga kirgan. U obyektlarga nisbatan mulk huquqi yoki ijara huquqini tan olish asoslari va tartibini belgilaydi.

Fuqarolar quyidagi ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy o‘tkazib olishi mumkin:

  • 2018-yil 1-may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e‘tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2021-yil 8-iyungacha (hokimlarning vakolati bekor qilingunigacha) tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;
  • bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
  • kichik sanoat zonalari hududiga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
  • davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
  • hokim qarori bilan mulk huquqi e‘tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.

Qonuniylashtirish uchun uchastka hozirgi paytda nizo yoki auksion predmeti bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, ariza beruvchining yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha qarzi bo‘lmasligi lozim.

1998-yil 1-iyulgacha band qilingan yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun qonuniylashtirilayotgan uchastka maydoni 0,24 gektargacha bo‘lishi mumkin. Ushbu sanadan keyin 2018-yil maygacha egallangan yer uchastkasi Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida 6 sotixdan, boshqa joylarda 12 sotixdan oshmasligi kerak.

Uchastkalar, binolar va inshootlarni qonuniylashtirish uchun bir martalik yig‘im undiriladi:

  • Toshkent shahrida — BHMning 5 baravari (2,06 mln so‘m);
  • Nukus shahri va viloyat markazlarida — BHMning 3 baravari (1,236 mln so‘m);
  • viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda — BHMning 2 baravari (824 ming so‘m);
  • boshqa aholi punktlarida — BHMning 1 baravari (412 ming so‘m).

Qolgan hollarda bir martalik to‘lov tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida to‘lanadi. I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘laganlar to‘lovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilganlarga esa 50% chegirma beriladi.

Tafsilotlar bilan bu yerda tanishish mumkin.


Spot, avvalroq, internetda haqorat qilganlik uchun jarima va jazo belgilanishi mumkinligi haqida yozgandi.