Farg‘onada 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxona bunyod etiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida viloyatda ko‘p tarmoqli shifoxona tashkil etish davlat-xususiy sherikchilik loyihasi bo‘yicha tender jarayonini yakunladi.
Tender g‘olibi barcha texnik talablarga javob beradigan va eng past moliyaviy taklifni taqdim etgan kompaniya Saudiya Arabistonining Vision International Investment Company hamda Koç Construction Mekanik Elektrik konsorsiumi bo‘ldi.
Kompaniya O‘zbekistonda loyiha kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazish va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan tender natijalari e’lon qilingan hamda vazirlik saytida ma’lum qilingan kundan boshlab 30 kun ichida shartnoma imzolashga taklif qilinadi.
Tenderda 10 ta kompaniya ishtirok etib, 8 tasi oldindan malakadan o‘tkazildi va yirik global kompaniyalardan texnik va moliyaviy takliflar olindi: Meridiam Consortium (Fransiya) va Ronesans (Turkiya); Plenar Consortium (BAA), YDA Group (Turkiya) va Falganim Holding (Kuvayt); va KOC Consortium (O‘zbekiston) va Vision Investment (Saudiya Arabistoni).


Vazirlik kompaniyalar uchun talablar qat’iy belgilangani hamda bu minimal tajriba, xodimlarni o‘qitish, kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari va boshqalarni o‘z ichiga olishini qayd etdi.
Shartnoma shartlariga muvofiq, tender g‘olibi Farg‘ona viloyatida 3 yil ichida ishga tushiriladigan 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxonani xalqaro standartlarga muvofiq loyihalashtirishi, qurishi, moliyalashtirishi, zarur asbob-uskunalar bilan jihozlashi va texnik jihatdan jihozlashi shart.
SSV loyihada mintaqa va unga tutash viloyatlar aholisining kardiojarrohlik, neyroxirurgiya va organ transplantatsiyasini o‘z ichiga olgan yuqori texnologiyali uchinchi darajali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati ta’minlanishini ta’kidladi.
Mavjud ixtisoslashtirilgan muassasalarni bitta tom ostida birlashtirish hamda ularni diagnostika va davolash infratuzilmasi bilan jihozlash resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishi, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashi va bemorlarni mintaqa yoki mamlakatdan tashqariga chiqish zaruratini kamaytirishi kutilmoqda.
“Loyiha davlat va xususiy sektorning sog‘liqni saqlash sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorligining pilot namunasi bo‘lib, O‘zbekistonning boshqa mintaqalarida zamonaviy tibbiyot majmualarini kengaytirish modelini yaratadi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq prezident sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.


